French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bemorlarga xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanmoqda
16:34 / 2025-08-22

Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi qayta ta’mirdan so‘ng zamonaviy qiyofada foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan Chirchiq shahar hokimi M.Abdurahimov, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari, Respublika ixtisoslashtirilgan mikrobiologiya va parazitologiya ilmiy tadqiqot instituti olimlari, shifokorlar, hudud faollari va nuroniylar ishtirokida tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Dastlab ramziy lenta qirqildi, mas’ullar mazkur tibbiyot muassasasining aholi salomatligini ta’minlashdagi ish faoliyatiga rivoj tiladi. Ishtirokchilar Mustaqilligimizning 34 yilligi arafasida aholiga yanada qulaylik yaratishga qaratilgan bu kabi sa’y-harakatlar qamrovi ortayotgani haqida so‘z yuritdi. 

Qayd etilganidek, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi ilgari 1950 yildan Chirchiq shahri yuqumli kasalliklar bo‘limi sifatida foydalanishga topshirilgan. O‘tgan yillar davomida muassasa viloyat aholisiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan nufuzli shifoxonalardan biri sifatida shakllandi. 

Shifoxona 2010 yilda Toshkent viloyati hokimligi tomonidan ajratilgan 642 million so‘m mablag‘ evaziga ta’mirlangan edi. Prezidentimizning 2024 yil 24 dekabrdagi “2025–2027 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan bu shifoxona investitsiya dasturiga kiritildi. Shu asosida 5 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, zamonaviy talablarga javob beradigan kapital ta’mir va rekonstruksiya ishlari olib borildi.

Hozir asosiy bino ichida markaziy sterilizatsiya, statistika bo‘limi, arxiv, tahlilxona, ma’naviyat va ma’rifat xonalari tashkil etildi. Davlatimiz rahbarining “Dolzarb 90 kun” tadbirlari doirasida bemorlarga qulaylik yaratish uchun binoning asosiy kirish qismiga panduslar o‘rnatildi. Har bir bo‘limdagi yotoq xonalariga uzluksiz sovuq va issiq suv yetkazib berildi va yuvinish uchun yanada qulaylik yaratildi. Ayniqsa, imkoniyati cheklangan bemorlar va keksa yoshdagilar uchun alohida sanitariya-gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlar tashkil etildi.

[gallery-24909]

– Endi bu shifoxonada nafaqat tibbiy xizmat samaradorligi oshirilgan, balki bemorlarning o‘zini erkin his qilishiga ham xizmat qilmoqda, – deydi Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi rahbari o‘rinbosari Gulshoda Musayeva. – Ilgari ko‘plab tashxislar uchun bemorlar poytaxtga borishga majbur bo‘lardi. Hozir esa bu imkoniyatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyatda mavjud. Shifoxona 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, barcha tuman va shahar aholisiga xizmat ko‘rsatadi. Oliy toifali shifokorlar, jumladan, kardiolog, ginekolog, reanimatolog, UTT va rentgenolog, nevropatolog kabi mutaxassislar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Tadbir ishtirokchilari binoda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, shifokorlar va bemorlar bilan suhbat qilindi. 

A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.