Buyrak va jigar transplantatsiyasi o‘ta murakkab jarrohlik amaliyoti hisoblanadi. Bu turdagi amaliyotga muhtoj bo‘lgan bemorlar bundan bir necha yil muqaddam Hindiston, Rossiya, Turkiya kabi davlatlarga borgan bo‘lsa, endilikda bunga hojat qolmadi.
O‘tgan bir yil davomida V.Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida mingdan ortiq buyrak transplantatsiyasi bilan bog‘liq amaliyotlar o‘tkazilgan bo‘lsa, jigar transplantatsiyasi bilan bog‘liq amaliyotlar soni oltmishtadan oshdi. Ahamiyatli tomoni, ushbu turdagi amaliyotlar poytaxtda, Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, endilikda buyrak va jigar bilan bog‘liq amaliyotlar viloyatlarda ham ijobiy natija bermoqda.

Bu haqida Guliston tibbiyot klasteriga tashrif buyurgan V.Vohidov nomidagi Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazi rahbari, professor Saidmurod Ismoilov ma’lum qildi.
–Eng muhimi, – dedi markaz rahbari, professor Saidmurod Ismoilov. – Markazimiz malakali mutaxassislari sirdaryolik mutaxassislar bilan hamkorlikda o‘tgan yil va joriy yilda Guliston tibbiyot klasteri hamda Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasining umumiy jarrohlik bo‘limida 8 nafar fuqaroda yuqori texnologik buyrak transplantatsiya amaliyotini o‘tkazgan. Yil davomida yana 20 ga yaqin shu turdagi amaliyot Sirdaryoda o‘tkaziladi. 2024 yilga kelib bu turdagi amaliyotlarni sirdaryolik mutaxassislar mustaqil bajaradi.

Markaz rahbari, professor Saidmurod Ismoilov tashabbusi bilan Guliston tibbiyot klasterida surunkali buyrak yetishmovchiligi, jigar sirrozi, subkompensatsiya bosqichi bilan kasallangan, ammo buyrak, jigar transplantatsiya amaliyotini boshdan o‘tkazgan bemor va donorlar uchun ikki kunlik tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

– Bundan bir yil muqaddam jigar bilan bog‘liq muammo qiynab qo‘ygan edi, – deydi Xovos tumani “Yangiyer” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qilayotgan A.Otayev. – Respublika virusologiya, Respublika xirurgiya markazining malakali mutaxassislari maslahati, tavsiyasi asosida Hindistonga borib jigar transplantatsiya amaliyotini boshdan o‘tkazdim. O‘z o‘g‘lim donor bo‘ldi. Shunga yarasha xarajatlar ham katta bo‘ldi. Yaqinlar o‘z ko‘magini berdi. Ayni vaqtda salomatligim ancha yaxshi. V.Vohidov nomli Respublika xirurgiya ilmiy amaliy markazining malakali mutaxassislari tavsiyasi, sirdaryolik tibbiyot xodimlar nazorati ostida davo muolajalarini olyapman.
Asosiysi, tibbiy ko‘rik buyrak va jigar transplantatsiya amaliyotini boshdan o‘tkazgan bemorlar uchun bir tomonlama foydali bo‘lgan bo‘lsa, sirdaryolik xirurglar va transplantologlar uchun “mahorat darsi” vazifasini o‘tadi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA.