Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bemorlar ko‘ziga nur bag‘ishlab...
18:04 / 2022-06-07

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan aprel oyidan buyon haftaning shanba kuni hududlarda muntazam tarzda tibbiy ko‘rik va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilmoqda.

Mazkur tadbirlar uch bosqichda olib borilib, dastlabki bosqichlarda viloyat markazidagi yetakchi tibbiyot muassasalari, ixtisoslashgan tibbiy markazlar mutaxassislari xonadonma-xonadon yurib, fuqarolar o‘rtasida sog‘lom turmush tarziga rioya etish, o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tish bo‘yicha targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi. Og‘ir xastalikka chalingan bemorlar aniqlanib, ularni tumanning o‘zida operatsiya qilish uchun viloyatdan malakali tibbiyot xodimlari jalb etiladi. 

O‘tgan hafta yakunida boshqarma rahbariyatining sayyor qabuli hamda maqsadli skrining tekshiruvlari, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari Ishtixon tumanida o‘tkazildi. Aholi xirurg, pediatr, onkolog, oftalmolog, infeksionist, urolog, akusher-ginekolog, lor singari yigirmaga yaqin tor soha mutaxassislaridan zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar oldi. Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali oftalmologlari ijtimoiy ko‘makka muhtoj 42 nafar bemorni ko‘rikdan o‘tkazdi. 9 nafar bemorda murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi. 

– Davlatimiz rahbarining tibbiyot xodimlari bilan ochiq muloqotida berilgan topshiriqlar hamda tibbiyot sohasi bo‘yicha keyingi qabul qilingan qarorlar asosida mahallabay, xonadonma-xonadon yurib aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilyapmiz, bemorlarni aniqlab, ularga zarur yordam ko‘rsatyapmiz, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filiali bosh shifokori Botir To‘xtayev. – Mazkur tizim asosida shu paytgacha Qo‘shrabot tumanida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 9 nafar bemorda, Payariq va Nurobodda 7 nafardan, Bulung‘ur va Kattaqo‘rg‘on tumanlarida 6 nafardan Narpayda 5 nafar, Toyloq va Paxtachi tumanlarida 4 nafardan, Urgutda 2 nafar bemorda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Shuningdek, ushbu tumanlarda o‘tkazilgan ko‘riklar natijasida 300 nafardan ortiq bemorni davolash choralari ko‘rildi. Ushbu hafta yakunida shunday ko‘rik Oqdaryo tumanida tashkil etiladi. Bundan tashqari, filialning o‘zida ham mahallalardagi ijtimoiy daftarlarda ro‘yxatda bo‘lgan 21 nafar bemor bepul operatsiya qilinib, salomatligi tiklandi. 

Viloyat kengashi deputatlarining buyurtmalari asosida, mahalliy byudjetdan mablag‘ ajratilgan holda 9 kishida murakkab jarrohlik amaliyoti bajarildi. 

– Bolaligimdan bitta ko‘zim ko‘rmaydi, – deydi qo‘shrabotlik qirq yoshli M.Qurbonov. – Yoshligimda ota-onam shifokorlarga murojaat qilgan. Ammo buni davolab bo‘lmaydi, deganlaridan keyin taqdirga tan berganmiz. Yaqinda nogironlik qog‘ozi uchun mazkur shifoxonaga kelganimda, vrachlar ko‘rikdan o‘tkazib, rozi bo‘lsangiz ko‘zingizni operatsiya qilamiz, xira bo‘lsa ham ko‘ra boshlaysiz, deganida avvaliga ishonmadim.

Lekin ularning qat’iy ishonch bilan gapirishi ko‘nglimda umid uyg‘otdi va operatsiyaga rozi bo‘ldim. Xudoga shukr, operatsiyadan keyin ko‘zim ochildi, dunyoni bor ranglarda ko‘ra boshladim. Shifokorlardan minnatdorman.

[gallery-7475]

Filialda joriy yilning dastlabki uch oyida 1277 nafar bemor davolandi. 442 nafar bemorda 30 turdan ziyod yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

– To‘g‘risi, shu paytgacha ham kasallar ko‘p murojaat qilardi, biroq zamonaviy tibbiy uskunalarimiz yo‘qligi sababli oddiy operatsiyalarni ham o‘tkazish imkoniyati bo‘lmagan, – deya so‘zida davom etadi B.To‘xtayev. – Shuning uchun bemorlar Toshkentga yoki xorijga borishga majbur edi.

Endi esa har qanday holatdagi bemorlarni davolash, yuqori texnologik operatsiyalarni o‘zimizda bajara olamiz. O‘tgan yili viloyat mahalliy byudjetidan ajratilgan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ evaziga xorijdan 5 ta zamonaviy tibbiy apparat olib keldik. O‘z mablag‘imiz hisobidan eng so‘nggi rusumdagi mikroskop va lazer uskunalari, laboratoriya jihozlari keltirdik. Natijada operatsion bloklarimiz 6 taga yetdi. Ayni paytda Yaponiya elchixonasi granti asosida 73 ming dollarlik ikkita yangi operatsion qurilma olib kelyapmiz. Yaqin orada bu jihozimiz yordamida yana ko‘plab ko‘z xastaliklarini samarali davolashga erishamiz.

Muassasaga xorijdan zamonaviy tibbiy uskunalar keltirilishi barobarida chet eldan mutaxassislar ham chaqirilib, xodimlar bilim va malakasi oshirilmoqda. Hamkorlikda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilyapti. Joriy yilning iyul oyida filialda hindistonlik jarrohlar bilan birgalikda to‘r parda ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasi amalga oshiriladi. Shunday amaliyotni amerikalik shifokorlar bilan hamkorlikda bajarish ham ko‘zda tutilgan. Lekin bu bilan cheklanmagan holda filial xodimlari ham xorijdagi klinika va tibbiy markazlarda malaka oshirib, o‘quv kurslarda o‘qib kelmoqda. Yil boshidan buyon o‘n nafardan ortiq shifokor Rossiya, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlarda shunday malaka oshirish kurslarida qatnashdi. 

– Bo‘limimizda kuniga beshta-oltita operatsiya qilamiz, – deydi filial mikrojarrohlik bo‘limi boshlig‘i Fayozjon Saidaliyev. – Barchasi zamonaviy texnologiyalar asosida amalga oshiriladi. Shuning uchun bemorlarimiz ikki-uch kunda sog‘lig‘ini tiklab, uyiga qaytadi. 

– Ko‘zim ko‘rmay qolgach, o‘tgan hafta shifoxonaga kelib, tekshiruvdan o‘tganimda operatsiya qilamiz deyishdi va uyda qabul qilish uchun bir-ikkita dori yozib berishdi – deydi oqdaryolik faxriy o‘qituvchi Islom Yaxshiyev. – Aytilgan vaqtda, kecha keldim va 15 daqiqada operatsiya qilishdi. Ko‘zlarim yana ko‘ra boshladi. Ishonish qiyin, lekin bu haqiqat. Ha, bu balandparvoz gaplar emas. Bu keyingi paytda tibbiyotdagi yangilik va o‘zgarishlar, tibbiy muassasalarning zamonaviy jihozlar va yuqori malakali mutaxassislar bilan ta’minlanishi samarasidir. 


G‘.HASANOV, 
A.ISROILOV (surat), O‘zA