Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Bemorlar 95 foiz kimyo-terapiya dori vositalari bilan ta’minlanmoqda”
14:15 / 2022-12-21

Munosabat

Davlatimiz rahbarining parlament va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi  keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Dasturilamal hujjatda qayd etilgan istiqboldagi vazifalar har bir soha vakili zimmasiga, har bir yurtdoshimizga katta mas’uliyat yuklaydi.  

Shu ma’noda bugun Murojaatnomaning ahamiyati keng e’tirof etilib, turli soha vakillari o‘z yo‘nalishlaridan kelib chiqib, mazkur muhim hujjat borasida munosabatlarini, fikr-mulohazalarini bildirmoqda.  

Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya  ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov Murojaatnoma yuzasidan o‘z munosabatini bayon qildi:  

— Davlatimiz rahbarining Murojaatnomasini tinglab, tibbiyot vakili sifatida juda g‘ururlandim. Sababi, Murojaatnomada tibbiyot sohasiga oid yanada mukammal va keng ko‘lamli vazifalar qo‘yildi.    

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda tibbiyot sohasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, onkologiya sohasida 3-4 yil oldin bor-yo‘g‘i 5 tagina nur terapiya bilan davolaydigan uskuna bor edi. Oxirgi 3 yilda esa 20 ta ana shunday apparat sotib olindi va hozir har bir viloyatda nur terapiya bilan davolaydigan apparatlar bor.  

Prezidentimiz Murojaatnomada ushbu masalaga yana bir bor to‘xtalib o‘tdi. Ya’ni, mamlakatimizda 15 mingga yaqin onkologik bemorlar nur yordamida davolanishga muhtojligini ta’kidlab, kelgusi yilda Samarqand, Farg‘ona va Xorazmda davlat-xususiy sheriklik asosida Radiologiya markazlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu viloyatlarda eng zamonaviy chiziqli tezlatkichlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.  

Hozirda mavjud imkoniyatlarimiz bilan nur yordamiga muhtoj 15 mingga yaqin onkologik bemorlarning 12-13 mingini qamrab olishimiz mumkin. 3-4 yil oldin bemorlarimizga kimyo-terapiya olish uchun 12-13 foiz kimyo-terapiya dori vositalari ajratilar edi. Hozirda esa faqat kimyo-terapiya dori vositalarini xarid qilish uchun 12 million dollar ajratilgan. Natijada bizning markazimiz hamda 15 ta hududdagi filiallarimizda davolanadigan bemorlar 95 foiz kimyo-terapiya dori vositalari bilan ta’minlanmoqda.  

Murojaatnomada davlatimiz rahbari xalqimiz tibbiyot sohasidan rozi bo‘lishi uchun soha oldiga katta vazifalar qo‘yib, ularning yechimini ham ko‘rsatib o‘tdi. Albatta, biz soha vakillari ushbu yo‘nalishdagi vazifalar ijrosini ta’minlashga sidqidildan harakat qilamiz.  

 

Muhtarama Komilova yozib oldi.  

O‘zA