Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini mustahkamlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda. O‘tgan yillar davomida bu borada katta ishlar amalga oshirildi, ilg‘or xorijiy yutuqlar o‘rganildi.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori asosida 2019 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining birinchi, ikkinchi va uchinchi klinikalari negizida zamonaviy tibbiyot ta’limi klasterini yaratish orqali akademiyaning ko‘p tarmoqli klinikasi tashkil etilgan edi. Muassasa xodimlari o‘z faoliyatida doimo “Bemor salomatligi — hamma narsadan ustun” shioriga amal qiladi. Shu sababli xorijiy tajriba asosida aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun yuqori texnologiyali xizmatlar doirasini kengaytirmoqda.
Muassasa 14 ta binodan tashkil topgan. Ushbu zamonaviy tibbiy ta’lim klasterida bemorni davolash ishlari kafedra xodimlari, talaba va magistrlar bilan birgalikda olib boriladi. Jarrohlik operatsiyalari, tibbiy muolajalar jarayonida ham tinglovchilar bevosita ishtirok etib, ta’lim va amaliyot uyg‘unligiga erishilmoqda.

– Tibbiy xizmatning qulayligi va sifatini oshirish, salomatlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash, nogironlik va barvaqt o‘limning oldini olish, shu orqali aholining umr ko‘rish davomiyligini uzaytirish mamlakatimiz siyosatining ustuvor vazifalaridan biridir, – deydi klinika bosh shifokori Dildora Rustamova. – Klinikada ham bemorlar uchun zarur barcha qulayliklar taqdim etilgan. Muassasada 1 ming 209 ta o‘rin mavjud. Kunlik 850 qatnovga mo‘ljallangan maslahat-diagnostika poliklinikalari ishlab turibdi. Har yili 250 ming nafardan ortiq bemorga terapevtik, jarrohlik, akusher-ginekologik va pediatriya yo‘nalishlarida shoshilinch, rejali, statsionar hamda ambulator tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.
Muhimi, akademiyadagi tadqiqotlar, ixtirolar birinchi navbatda ushbu nufuzli klinikada amaliyotga tatbiq etiladi.

Klinikada malakali shifokorlar tomonidan izlanishlar olib borilib, yangi diagnostika va davolash usullari keng qo‘llanilmoqda. Bunda xorijlik hamkasblar bilan hamkorlik ham qo‘l kelyapti. Jumladan, joriy yilda Torako-abdominal jarrohlik bo‘limida klinikada ilk bor qizilo‘ngach axalaziyasi tashxisi qo‘yilgan bemorda Geller laparoskopik operatsiyasi o‘tkazildi. Qon tomir jarrohlik bo‘limida esa yaqinda Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti professori A.Xilchuk bilan birgalikda yana bir yuqori texnologik amaliyot bajarildi.
Suyak yiring xastaliklari jarrohligi bo‘limida joriy etilayotgan amaliyotlar sabab og‘ir holatdagi bemorlar shifo topishiga erishilmoqda. Qozon davlat tibbiyot universiteti professori I.Axtyamov bilan birgalikda bajarilgan chanoq-son va tizza bo‘g‘imlarini total endoprotezlash operatsiyalari ham yaxshi samara berdi.
Jami amaliyotda qo‘llanilayotgan tashxis va muolaja usullari soni 575 taga yetdi.
Joriy yilning o‘tgan davrida klinikada 3 ming 774 ta jarrohlik operatsiyasi o‘tkazildi, shundan 574 tasi yuqori texnologik amaliyotlar sanaladi. Klinikada tibbiy turizmni rivojlantirish masalasi ham alohida e’tiborda.
Jumladan, joriy yil boshidan buyon 330 nafardan ortiq chet el fuqarosi murojaat qilgan bo‘lib, ulardan 150 nafari statsionar sharoitda davolangan. Yaqin kunlarda bemorlarning xastaliklardan so‘ng tiklanishini yaxshilash maqsadida Reabilitologiya bo‘limini ochish rejalashtirilgan. Bunda xitoylik hamkasblarimiz bilan hamkorlik qilib, ularning bu boradagi yutuqlarini joriy qilgan holda reabilitatsiya jarayonlarini zamonaviy bosqichga olib chiqmoqchimiz.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA