Saraton kasalligi har qanday insonni qo‘rquvga soladigan dard. U bolalarda ham, kattalarda ham uchraydi. Ayniqsa, bolalar onkologiyasi tufayli iztirobdagi ota-onalarning holati, xayriyaga muhtoj bemor bolalar nolasi bu qo‘rquvni battar oshiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili 1000 ga yaqin bolada onkologik kasalliklar aniqlanadi. Dunyo bo‘ylab esa bu ko‘rsatkich har yili 300 ming bolada kuzatiladi. Ularning uchdan bir qismi hayotdan ko‘z yumadi.

Poytaxtda tashkil etilgan “Sen kuchlisan” xayriya tadbiri doirasida 133 nafar bemor bola tomonidan chizilgan 650 ta surat namoyish qilindi. Shuningdek, bemor bolalar tomonidan chizilgan 26 ta surat auksionga qo‘yildi. Auksion orqali kelib tushgan mablag‘ xasta bolalarning davolanishiga sarflanadi.

– Bugungi kunda “Mehrli maktab”da 100 nafardan ortiq bola ta’lim-tarbiya oladi, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Laylo Rustamova. – Bemor bolajonlarning o‘z qo‘llari bilan chizgan suratlarida juda katta ma’no mujassam. Ayniqsa, auksiondagi qorong‘ulikda yorug‘ nur shu’lasida o‘tirgan bolaning oq-qora surati meni juda ta’sirlantirdi.
Suratlarni ko‘ngilli ravishda sotib olib, bolalarning davolanishiga hissa qo‘shishga harakat qildik.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA