Yangi yil bayramini, bayram qahramonlari bo‘lgan Qorbobo va Qorqizni hammadan ham ko‘proq bolajonlarimiz intiqlik bilan kutadi. Shu bois ham bolajon xalqimiz farzandlarning quvonchi, shodligi uchun bayram tadbirlarini ko‘tarinki kayfiyatda tashkil qilishadi.
Ertamiz egalariga e’tibor qaratish, ularni asrab-avaylash, sog‘lom qilib voyaga yetkazishda O‘zbekiston “Adolat” SDP tomonidan salmoqli ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Xususan, partiya tashabbusi bilan har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Bor mehrimiz senga, bolajon!" beg‘araz donorlik aksiyasi, qolaversa, “Saxovat – benazir qadriyat” loyihasi e’tiborga molik. Partiya bemor bolajonlarga quvonch ulashish maqsadida ayni kunlarda Yangi yil munosabati bilan bayram tadbirlarini tashkil etmoqda.
Bugun partiya Markaziy kengashi tashabbusi bilan Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Yangi yilni yangi orzular bilan” shiori ostida ko‘chma archa bayrami tashkil etildi. Partiya tomonidan yosh avlodni sog‘lom va har jihatdan barkamol qilib voyaga yetkazish maqsadida amalga oshirilayotgan xayrli loyihalarning uzviy davomi sifatida o‘tkazilayotgan mazkur Yangi yil bayram tadbirlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengash deputatlari, partiya siyosiy kengashi Markaziy apparati va partiyaning Toshkent shahar hamda Toshkent viloyati Kengashlari xodimlari, “Yoshlar parlamenti” a’zolari, Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlari, markazda davolanayotgan bolajonlar va ularning yaqinlari ishtirok etdi.
[gallery-15242]
Tadbirga Yangi yil shodiyonalarining eng asosiy qahramonlari bo‘lgan Qorbobo va Qorqiz, qolaversa, bir qator san’atkorlar tashrif buyurib, bemor bolajonlarga cheksiz quvonch ulashdi. Shuningdek, bolajonlarimiz uchun bayramona tuhfa sifatida esdalik sovg‘alari taqdim etildi.
Partiya matbuot xizmati vakillarining aytishicha, “Adolat” SDP tashabbusi bilan tashkil etilayotgan mazkur bayram tadbirlariga joriy yilning 25 dekabr kunidan start berilgan bo‘lib, partiyaning hududiy Kengashlari tomonidan mamlakatimizning barcha hududida 29 dekabrgacha o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
M.Komilova, O‘zA