Britaniyaning 65 yoshli fuqarosi yurak xuruji tufayli kuzatilgan 45 daqiqalik hayot-mamot sinovidan omon qoldi va to‘liq hayotga qaytdi, deb yozdi “Need To Know” portali.
Qayd etilishicha, 64 yoshli Stiv Dalton 29 yoshli qizi Keytga o‘z bog‘ida o‘yin maydonchasi qurishda yordam berayotib, to‘satdan hushini yo‘qotgan. Uning yordamga shoshilgan 40 yoshli o‘g‘li tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelguniga qadar yurak-o‘pka jonlantirish amaliyotini bajargan.
Shifokorlar erkakka uch soatdan ko‘proq vaqt davomida yordam ko‘rsatishgan. Shu davr oralig‘ida britaniyalikning yuragi 45 daqiqa urmagan.
Stiv koma holatida kasalxonaga olib ketilgan. Mutaxassislar oila a’zolariga bemorda omon qolish ehtimoli bor-yo‘g‘i ikki foizligi, kislorod yetishmovchiligi tufayli miya shikastlanganini aytishgan. Ertasi kuni tongda tibbiy xodimlar Dalton kutilmaganda hushiga kelganini ma’lum qilgan. Tez orada u yaqinlari bilan bog‘lanib, to‘liq tuzalib ketdi, deb yozgan maqola muallifi.
Shu voqeadan so‘ng Stiv Daltonning oilasi yurak xurujiga uchragan odamlar to‘laqonli hayotga qaytishiga yordam beradigan tashkilot uchun mablag‘ yig‘ishga qaror qildi.
S.Rahimov, O‘zA