French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bellashuvlar yangi nomlarni kashf etadi
15:28 / 2025-03-18

So‘nggi yillarda yurtimizda stol tennisi ommalashib bormoqda. Bugungi kunda hatto chekka-chekka tumanlarda ham stol tennisi to‘garaklari tashkil etilgan bo‘lib, unda yoshlar muntazam ishtirok etib kelmoqda.

Tashkil etilayotgan turli musobaqa va chempionatlar esa yangi nomlarni kashf etishga xizmat qilmoqda.

Xususan ayni kunlarda Qarshi shahri 13 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston chempionati bahslariga mezbonlik qilmoqda. 

Mazkur bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.

Musobaqa Milliy olimpiya qo‘mitasi, Sport vazirligi, Soliq qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi stol tennisi federatsiyasi hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Dastlab musobaqa oldidan qur’a tashlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Sportchilar so‘nggi tayyorgarlik mashg‘ulotlarini bajardi. Shundan so‘ng bahslarga start berildi.

– Ushbu bellashuvlarni Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilishi bizni xursand qildi. Sababi musobaqa viloyatimiz sportchilari uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi, – deydi viloyat stol tennisi federatsiyasi ijrochi direktori Bobur Xudoyqulov. – Biz musobaqaga katta tayyorgarlik ko‘rdik. Bu o‘z natijasini berishi shubhasiz.

Albatta har bir sportchi ushbu bellashuvlarda katta hayajon bilan qatnashmoqda. Maqsad esa bitta g‘oliblik.

– Biz Andijon viloyatidan keldik, – deydi xalqaro sport musobaqalari g‘olibasi Eleonora Shiriyeva. – Musobaqa juda yuqori saviyada tashkil etilgan. Buning uchun tashkilotchilarga katta rahmat aytamiz. Men bor imkoniyatlarimni ishga solib, g‘olib bo‘lishga harakat qilaman.

Ma’lumot o‘rnida, bellashuvlar 19 martgacha davom etadi. G‘oliblar diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari