Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bellashuvlar chiroyli, betakror harakatlarga boy bo‘ldi
15:40 / 2025-06-07

Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida "Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari" shiori ostida badiiy gimnastika bo‘yicha mintaqaviy musobaqaning navbatdagi bosqichi yuqori saviyada o‘tkazildi.

Tadbirning ochilish marosimi tantanali ruhda o‘tdi. Unda Respublika ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Shahlo  Narziyeva  hamda mahalliy davlat va sport tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi. Ular o‘z chiqishlarida yoshlar orasida badiiy gimnastikaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, mazkur sport turini ommalashtirish hamda kelajakda mamlakatimiz bayrog‘ini xalqaro arenalarda baland ko‘taradigan chempionlarning yetishib chiqishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlashdi.

Mazkur musobaqada viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan yosh, iqtidorli gimnastikachi qizlar ishtirok etishdi. Ular bellashuv davomida o‘zlarining mahoratlari, jismoniy tayyorgarlik darajasi va texnik salohiyatlarini to‘liq namoyon etdilar.

Bellashuvlar yuqori avj va chiroyli harakatlarga boy tarzda o‘tdi. Har bir ishtirokchi o‘zining eng yaxshi natijasini qayd etishga intildi. Musobaqa yosh sportchilar uchun nafaqat o‘z salohiyatlarini ko‘rsatish, balki tajriba orttirish va kelajakdagi muvaffaqiyatlar uchun ilhom olish imkonini yaratdi.

Musobaqada "Sport maktablari" va "Sport klublari" tarbiyalanuvchilari bo‘lgan iqtidorli gimnastikachi qizlar belgilangan dastur asosida chiqishlar qilib, o‘zlarining tayyorgarlik darajalari, harakat mukammalligi va sahna madaniyatini namoyish etishdi. Ularning har bir chiqishi tomoshabinlar va hakamlar tomonidan katta qiziqish va diqqat bilan kuzatildi.

Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlar  medal, maxsus  diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Bu ular uchun nafaqat e’tirof, balki kelgusi musobaqalarda yanada yuksak marralarni zabt etishga rag‘bat ham bo‘ldi.

Shu kabi musobaqalar yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularning jismoniy va ma’naviy rivojlanishiga hissa qo‘shish bilan birga, Olimpiya ruhini singdirish va kelajakdagi chempionlarni tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri