O‘zbek xalqi azaldan mehnatkash va mirishkor xalq sifatida dunyoga tanilgan. Xalqimiz asrlar davomida o‘z peshona teri bilan daromad topib, dasturxonini to‘kis qilishga intilgan. Ayniqsa, kuz fasli — dehqon va bog‘bon uchun sinovli, biroq barakali davr. Har yili shu paytlarda yurtimiz dalalarida “oq oltin” — paxta terimi qizg‘in pallaga kiradi.
Mana bu yil ham, “Paxta — 2025” mavsumida paxta terimi hududlarda uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Terim ishlarida faol qatnashgan har bir mehnatkashga davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1 kilogramm terilgan paxta uchun 2000 so‘mdan haq to‘lanishi belgilandi.
Bundan tashqari, fermer xo‘jaliklari tomonidan mehnatkashlarga yaratilgan shart-sharoitlar, issiq ovqat, palov tarqatish va dam olish joylari ham diqqatga sazovor.
Bu — nafaqat mehnatga hurmat, balki odamni qadrlash siyosati hamdir.
Ayrimlarga mehnat ortiq, “bo‘xton” esa oson...
Shuningdek, afsuski, har yili paxta terimi boshlanishi bilan o‘zini “huquq himoyachisi” yoki “Xalqaro mehnat tashkiloti vakili” deb tanishtiradigan ayrim shaxslar turli asossiz da’volar bilan maydonga tusha boshlaydi. Ular paxta dalalarida na xalq mehnati, na yurt rivojini ko‘radi — balki tirnoq ostida kir qidirgandek, salbiy holatlar izlashga bel bog‘laydi.
Kamina, ko‘p yillik tajribamdan kelib chiqib aytaman: bu kabi shaxslarning maqsadi — dehqonni himoya qilish emas. Ularga fermerning bir yillik mashaqqati, kun qora qilib tergan xosili, xech qiziq emas. Ular uchun asosiy vazifa — internetda turli foto va video tarqatish, hatto bolasi onasini daladan izlab borgan holatni ham siyosiylashtirish orqali O‘zbekistonning xalqaro imijini buzishga harakat qilish.
Shu kabi asossiz harakatlar natijasida ayrim xorijiy nashrlarda yurtimiz haqida noto‘g‘ri axborotlar paydo bo‘ladi. Bu esa haqiqiy mehnatkashga, haqiqiy Vatan farzandiga nisbatan behurmatlikdir.
Asossiz gaplar — sodda xalqni aldayotgan firibgarlar qo‘lidagi vosita
Bugungi kunda o‘zini “huquq himoyachisi” deb tanishtiradigan ba’zi shaxslar aslida oddiy fuqarolarning ishonchidan foydalanib, ulardan pul olib, o‘z yemini o‘ylayotganligi ham yashirin emas. Ularga ishongan fuqarolar vaqt, pul va asablariga zarar yetkazgan holda, oxir-oqibatda yolg‘on va’dalar qurboni bo‘lmoqda.
Bu holatlarga qarshi jamiyat bo‘lib kurashish — barchamizning burchimiz.
Mehnatni siyosiylashtirmasdan, qadrlashni o‘rganaylik
Bugungi kunda mamlakatimizda paxta yetishtirish, uni qayta ishlash va eksport qilish sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Paxta xomashyo emas, tayyor mahsulotga aylantirilmoqda. Bu jarayonda fermer, dehqon va ishchi-mehnatkashning xizmati beqiyos.
Shuning uchun ham “Paxta — 2025” mavsumida:
majburiy mehnatga,
bolalar mehnatiga,
adolatsiz sharoitlarga
yo‘l qo‘ymaslik barchamizning umumiy burchimizdir.
Ayrim “beli og‘rimasdan non yeyishga o‘rganib qolgan” shaxslar tomonidan internetga asossiz bo‘xtonlar yoyilishiga qarshi turish, fermerning orqasida turish, haqiqatni himoya qilish — bugun har bir yurt farzandining, har bir vatanparvarning vazifasi bo‘lishi lozim.
S. Ro‘ziboyev,
O‘zbekiston fermerlar Kengash bo‘lim boshlig‘i