Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belgraddagi bellashuvlar Berdimuratovni chempionlik shohsupasiga olib chiqadimi?
11:44 / 2022-09-12

Shu kunlarda Serbiya poytaxti Belgrad shahrida o‘tayotgan erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha navbatdagi Jahon chempionati bahslari tobora o‘zining qizg‘in pallasiga kirib bormoqda.

Dunyoning 50 ga yaqin davlatidan 800 nafardan ziyod sportchi qatnashayotgan musobaqaning dastlabki kunlarida yunon-rum kurashi bahslar bo‘lib o‘tdi.

O‘tgan haftaning shanba va yakshanba kungi bellashuvlarida o‘zbekistonlik kurashchilar ham o‘z mahoratini namoyish qilishdi. Hamyurtimiz Jasurbek Ortiqboyev 55 kg. vazn toifasida Jahon chempionatining bronza medalini qo‘lga kiritdi. U  qozog‘istonlik Amangali Bekbolatovdan 9-5 hisobida ustun keldi.

82 kilogramm vaznda kurashgan Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Jalgasbay Berdimuratov Jahon chempionatining oltin medali uchun gilamga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi.

Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan Berdimuratov ilk davrada qozog‘istonlik Dias Kalen, 1/8 finalda xitoylik Vong Chengvu, 1/4 da ozarbayjonlik Rafig Huseynov, 1/2 da esa vengriyalik Tamash Levaini mag‘lub etdi.

Bugun, 12 sentyabr kuni Berdimuratov jahon chempionligi uchun turkiyalik Burxan Akbudakka qarshi gilamga chiqadi.

Hamyurtlarimizdan 63 kg. vaznda kurashgan To‘rabek Tirkashev ilk davradayoq xorvatiyalik Ivan Lizatovichsha 1-8, 67 kg. vazndagi Abror Atabayev 1/8 finalda gruziyalik Joni Xetsurianiga 1-4, 72 kg. vaznda gilamga chiqqan Mirzobek Rahmatov ilk bosqichda finlyandiyalik Lisakki Lipastiga, Aram Vardanyan (77 kg.) koreyalik Xyun Vu Kimga 0-6, Nurbek Xoshimbekov (87 kg.) birinchi davrada bolgariyalik Yoan Dimitrovga 0-5, Rustam Assakalov (97 kg.) 1/4 finalda eronlik Abdulloh Saraviga 0-7 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi.

Bugun yunon-rum kurashchilari chempionat bahslarini yakunlasa, ayollar kurashi vakillari 12-15 sentyabr kunlari chempionlik uchun kurash olib boradi. Erkin kurashchilar Jahon chempionati musobaqalarini 15 sentyabrdan boshlashadi.

Eslatib o‘tamiz, Jahon chempionati bahslari 18 sentyabrga qadar davom etadi.


To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA