Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belgiyaning 75 yillik tajribaga ega nufuzli tahlil markazi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
13:25 / 2022-03-09

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari E.Tulyakov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Bryusselda (Belgiya) Qirollik xalqaro munosabatlar instituti (EGMONT) vakili bilan uchrashdi.

EGMONT –  Yevropadagi nufuzli mustaqil tahliliy markazlardan biri hisoblanadi. Markaz 1947 yilda Belgiyaning bir qator taniqli siyosatchilari –sobiq Bosh vazir Pol van Zeland, professor Sharl de Vissher, xalqaro sud a’zosi va senator, professor Anri Rolenlar tomonidan tashkil etilgan.

EGMONTning asosiy faoliyati xalqaro munosabatlar sohasidagi tadqiqotlardan iborat. Shuningdek, diplomatik xodimlar uchun treninglar tashkil qiladi. Markazning muhim tadqiqotlari buyurtmachisi Belgiya Tashqi ishlar vazirligi hisoblanadi.

Bosh tadqiqotchi Aleksandr Mattelayerning ma’lumotlariga ko‘ra, institut o‘z faoliyatini tadqiqot uchun olingan arizalar asosida shakllantirilgan yillik dasturlar asosida amalga oshiradi.

Uchrashuvda  E.Tulyakov EGMONT vakilini olib borilayotgan tadqiqotlar yo‘nalishlari va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi faoliyati ko‘lami bilan tanishtirdi.

Uchrashuv davomida tomonlar EGMONT va “Taraqqiyot strategiyasi” markazi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qildilar. Xususan, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida ko‘zda tutilgan vazifalardan kelib chiqqan holda xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ikki mamlakat tahlil markazlari o‘rtasida doimiy tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar va qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishga kelishib oldilar.

O‘zA