BЕLGIYA U-19 — OʻZBЕKISTON U-17 1:1
Oʻzbekiston yoshlari Belgiya bilan ham durang oʻynadi. Bu haqda O'FA xabar bermoqda.
Oʻzbekiston yoshlari Belgiya bilan ham durang oʻynadi. Bu haqda O'FA xabar bermoqda.
Shotlandiyaga qarshi bellashuvning dastlabki 20 daqiqasida ustunlik yevropaliklar tomonidan boʻlib, shundan keyingina oʻzbekistonlik futbolchilar oʻyinning borishini tenglashtirishgan va ikkinchi boʻlimda ustunlikka ega boʻlishgandi. Belgiyaga qarshi uchrashuvda esa Otabek Gʻulomxoʻjayev jamoasi dastlabki daqiqalardanoq raqibga ochiq futbol taklif etdi.
Buning samarasi oʻlaroq ilk taymda kichik ustunlik Oʻzbekiston yoshlari tomonidan boʻlganini eʼtirof etish kerak. Raqib futbolchilar ikki yosh kattaroq boʻlsa-da, ular oʻyin debyutida anchagina shoshib qolishdi.
16-daqiqaga kelib Hojimat Erkinov ajoyib gol urishga muvaffaq boʻldi. Belgiyaliklar hujum qilishdi, himoyachilar toʻpni jarima maydonchasidan uzoqlashtirgach, Hojimat maydon markazidan chap qanotga qarab qochib ketdi. Keyinroq ortidan yetib kelgan himoyachini oʻng oyogʻi bilan chalgʻitdi va shu oyogʻida darvozaning olis burchagiga aniq zarba yoʻlladi. Toʻp darvoza toʻqqizligiga aniq yoʻnaldi. Gol shu qadar chiroyli chiqdiki, bellashuvni stadiondan kuzatib borayotgan muxlislar oʻrinlaridan turib qarsak chalishdi.
Birinchi boʻlimda Jasur Jaloliddinovda ham yaxshi imkoniyat boʻldi. Biroq uning zarbasi noaniq chiqdi. Shuningdek, darvozabon Abduvohid Neʼmatov ikki bor jamoasini muqarrar goldan qutqarib qoldi.
Ikkinchi boʻlimda Belgiya terma jamoasi birdaniga 7 ta oʻzgarishga qoʻl urdi. Shunga qaramay, ustunlik Oʻzbekiston tomonida boʻlib boshlandi. Gʻulomxoʻjayev jamoasining ilk hujumini raqiblar qoʻpollik bilan toʻxtatib qolishdi. Bu 47-daqiqaga toʻgʻri keldi. Mirjalol Qosimovning nuqtasi boʻlgan joydan uning ayni vaqtdagi shogirdi Jasur Jaloliddinov chiroyli zarba yoʻlladi. Biroq toʻp darvoza toʻsiniga tegib qaytdi. Shotlandlarga qarshi oʻyinda ham yevropaliklarni darvoza toʻsini bir bor qutqargandi.
78-daqiqaga kelib Belgiya futbolchilari xuddi yuqoridagi kabi nuqtadan jarima zarbasi tepish huquqiga ega boʻlishdi. Kiril Ngonge tomonidan yoʻllangan zarba aniq chiqdi va uni Neʼmatov qaytara olmadi — 1:1.
Mazkur hisob oʻyin yakuniga qadar oʻzgarmadi. Oʻzbekiston yoshlarining keyingi oʻyini 15 oktyabr kuni Fransiya yoshlariga qarshi boʻlib oʻtadi.
13-oktabr, shanba
Marbella, Ispaniya
BЕLGIYA U19 — OʻZBЕKISTON U17 1:1
Gollar: Hojimat Erkinov, 16 (0:1). Kiril Ngonge, 79 (1:1).
Ogohlantirishlar: Saidazamat Mirsaidov (62). Muzaffar Olimjonov (70).
Belgiya U19: 1. Robin Mantel — 2. Muhammad Bushari, 3. Joren Leyssens, 4. Lars Dendonker, 5. Maksim Dekyuper — 6. Matyu de Smet, 8. Tomas Dure, 10. Teo Leoni — 9. Ibrahim Junior Kargbo, 11. Usman Bussaid, 19. Kiril Ngonge.
Oʻzbekiston U17: 1. Abduvohid Neʼmatov — 6. Ibrohimhalil Yoʻldoshev, 4. Odil Abdumajidov, 14. Sunnat Hamidjonov, 2. Saidazamat Mirsaidov — 9. Mironshoh Sattorov, 15. Diyor Ramazonov — 10. Jasur Jaloliddinov (11. Begzod Shamsiyev, 90) — 20. Xushnud Bozorov (22. Muzaffar Olimjonov, 30, 23. Eldor Begimov, 82), 17. Hojimat Erkinov — 7. Abdulaziz Abdusalomov (16. Muhammadqodir Rahimbergenov, 50, 18. Ulugʻbek Hoshimov, 82).
Zaxiradagilar:12. Asad Polvonov;3. Asliddin Toshtemirov, 5. Sodiq Ortiqov; 8. Ibrohim Ibragimov, 13. Alisher Odilov, 19. Ruslan Roziyev.