Shu oy bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida Belgiya ham Falastin davlatini tan olishi e’lon qilinadi. Bu haqda ushbu qirollik tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo ma’lum qildi.
U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida quyidagi mazmunda bayonot bergan: Belgiya BMT sessiyasida Falastinni tan oladi! Isroilga esa keskin sanksiya joriy etiladi. Shu bilan birga HAMAS tarafdorlari tomonidan har qanday antisemitizm yoki terrorizmni ulug‘lash qat’iy qoralanadi. Belgiya Falastinni Fransiya va Saudiya Arabistoni qo‘shma tashabbusi o‘laroq e’tirof etadi!
Prezident Emmanuel Makron 24 iyul kuni BMT BA navbatdagi yig‘ilishida Fransiya Falastin davlatini rasman tan olishini ma’lum qilgan. U Falastin ma’muriyati rahbari Mahmud Abbosga bu haqda maktub yuborganini ham ta’kidlagan.
O‘tgan yil Qo‘shma Shtatlar Falastinning BMTga to‘liq a’zo sifatida qabul qilinishiga veto qo‘ygan. Shundan buyon Falastinni o‘n davlat, jumladan Irlandiya, Norvegiya, Ispaniya va Armaniston ham tan oldi.
S.Rahimov, O‘zA