Belgiya: Bayram oldidan noxushlik…
Belgiyada bo‘lib o‘tadigan mashhur “Tomorrowland” musiqiy festivalining asosiy sahnasi kuchli yong‘in natijasida to‘liq vayron bo‘ldi. Hodisa kecha kechqurun sodir bo‘lgan, deb yozmoqda "Euronews".
Tashkilotchilar rasmiy bayonotiga ko‘ra, hech kim jarohat olmagan yong‘inning sababi hozircha noma’lum.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan video lavhada sahna tizimi butunlay alanga ostida qolgani ko‘ringan. Mahalliy GVA nashri yong‘in kechki soat 20:00 atrofida nazoratga olinganini yozdi.
Fojia Bum shahrida sodir bo‘lgan. Atrofda yashovchilarga xavfsizlik chorasi sifatida deraza va eshiklarni yopish tavsiya etilgan. Anjuman mehmonlari hali hududga yetib kelmagan, tayyorgarlik ishlari davom etayotgan edi.
Rasmiylar “Festival bekor qilindi” mazmunidagi xabarlarni inkor etdi. Hozircha bu borada so‘nggi qaror e’lon qilinmagan.
“Tomorrowland” o‘tgan yil 400 000 dan ziyod ishtirokchini to‘plagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA