Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlash jarimaga sabab bo‘ladi
15:36 / 2024-05-08

Huquqiy munosabat

Biz tozalik, ozodalik va pokizalikka alohida e’tibor qaratadigan xalqmiz. Xonadon, mahalla tozaligini ta’minlashga har doim ahamiyat beramiz. Ayrim fuqarolar tozalikka e’tibor bermasligidan ajablanamiz.  

Xususan, moshinada ketayotganda har xil chiqindilarni uloqtirib ketish, ko‘chada axlat tashlash uchun qo‘yilgan maxsus idishlar bo‘la turib chiqindini yurgan yo‘liga tashlab ketish kabi holatlarga ko‘zimiz tushadi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2023-yilda mamlakatimizda belgilanmagan joyga chiqindi tashlaganlik, sanoat chiqindilarini tashlash kabi holatlar bilan bog‘liq 17 mingdan ortiq huquqbuzarlik qayd etilgan. Huquqbuzarlarga 7,6 milliard so‘m miqdorda ma’muriy jarimalar qo‘llanilgan.  

Belgilanmagan joylarga chiqindilarni tashlaganlik uchun javobgarlik xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov batafsil tushuntirish berdi.    

–O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-1-moddasiga muvofiq belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha, ya’ni 340 ming so‘mdan 1 million 20 ming so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi.  

Mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, ya’ni 3 million 400 ming so‘mdan 6 million 800 ming so‘mgacha miqdorda jarima solinadi.  

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilgandan so‘ng sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, ya’ni 1 million 700 ming so‘mdan 3 million 400 ming so‘mgacha, mansabdor shaxslarga esa yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha ya’ni 6 million 800 ming so‘mdan 10 million 200 ming so‘mgacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.  

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA