Buxoro garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi, Oliy Majlis Senati huzuridagi Yoshlar Parlamenti a’zolari ishtirokida Prezidentimizning Murojaatnomasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, amalga oshirilayotgan islohotlarning natijalari hamda ularning jamiyat va xalqimiz hayotidagi amaliy ifodasi mavzusida harbiy xizmatchilar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Murojaatnomada ilgari surilgan muhim tashabbuslar, mamlakatimizda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, shuningdek, Qurolli Kuchlarni yanada rivojlantirish, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasini mustahkamlash borasidagi ustuvor yo‘nalishlar to‘g‘risida fikr almashildi.

– Suhbatda ishtirokchilarga davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, ularning Vatan ravnaqi va xalq farovonligini ta’minlashdagi ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarning yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlari, Vatanga sadoqat, xizmat intizomi va mas’uliyatni yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi bo‘lim boshlig‘i Erkin Sharopov.


Tadbir yakunida Murojaatnomada belgilangan ustuvor vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda har bir harbiy xizmatchining mas’uliyati muhim ekani ta’kidlanib, o‘tkazilgan ma’rifat soati ishtirokchilarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirishga xizmat qilgani qayd etildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.