Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belgilangan vaqtda 9-11-sinflarda bitiruv imtihonlari oʻtkazilishi rejalashtirilyapti
17:07 / 2020-03-25

Shu bois bu boradagi ishlar qanday yoʻlga qoʻyilayotgani uchun toʻliqroq maʼlumot berishga harakat qilyapmiz.


Maʼlumki, Oʻzbekistonda koronavirus (COVID-19) epidemiyasi boʻyicha eʼlon qilingan karantin rejimi vaqtida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan maktab taʼlimi qay tartibda ish olib boradi, taʼtil qancha vaqt davom etadi, darslar qanday baholanadi kabi savollar tugʻilayotgan boʻlishi tabiiy.

Eʼlon qilingan karantin rejimi hamda umumtaʼlim maktablari oʻquvchilari uchun berilgan taʼtil davrida fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi faoliyatiga oid savol va murojaatlar kelyapti. Shu bois bu boradagi ishlar qanday yoʻlga qoʻyilayotgani uchun toʻliqroq maʼlumot berishga harakat qilyapmiz.

Respublika maxsus komissiyasining 2020-yil 15-martda oʻtkazilgan yigʻilish bayoni hamda 23-mart kuni Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan “Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan barcha tadbirlar toʻxtatilgan, jumladan, pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlari ham qoldirilganini maʼlum qilamiz. Attestatsiya jarayonlari onlayn shaklda ham oʻtkazilmaydi.

Pedagog kadrlar uchun malaka sinovlari qachon oʻtkazilishi haqida Taʼlim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi bilan kelishilgan holda qoʻshimcha xabar beriladi.

Respublikamizdagi barcha pedagoglar joriy yilning 18-martidan boshlab haq toʻlanadigan mehnat taʼtiliga chiqarildi. Bu haqda vazirlikning tegishli buyrugʻi ham qabul qilinib, joylarga yetkazildi. Ushbu mehnat taʼtili oʻqituvchilarning yozgi davrda beriladigan mehnat taʼtilining bir qismi boʻlib, amaldagi mehnat qonunchiligiga muvofiq rasmiylashtiriladi. Yaʼni oʻqituvchilar hozirda olgan taʼtil davrining foydalanilmagan qismini yozda davom ettiradi. Boshqacha aytganda, yozgi taʼtil davri mos ravishda qisqaradi. 2019/2020 oʻquv yili uchun rejalashtirilgan taʼtil (2020-yilning 21-martdan – 27-martgacha) davrida koʻzda tutilgan pedagogik yuklamalar pedagoglar tomonidan oʻrnatilgan tartibda oylik ish haqlari saqlab qolingan holda masofadan turib bajarilishi belgilandi. Darslar boshlangandan keyin oʻqituvchilarning taʼtili ham tugaydi. Bu boʻyicha qoʻshimcha axborot beriladi.

Hozir koʻpchilikni oʻquv yili odatdagidek 25-mayda tugatiladimi, degan savol qiynayapti. Amaldagi tartibga koʻra, oʻquv yili 25-mayda yakunlanadi. 26-maydan 15-iyunga qadar 9-11-sinflarda bitiruv imtihonlari oʻtkazilishi rejalashtirilyapti. Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan 16-martdan boshlab taʼlim muassasalari oʻquvchilari uchun taʼtil eʼlon qilingan. Albatta, taʼtilning davomiyligi tibbiy profilaktika (karantin) jarayonlarining davom etishiga bogʻliq.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan taʼtilning davomiyligiga qarab oʻquv jarayonlarining davom etishi yoki etmasligi haqida oʻquvchilar va ota-onalar xabardor qilinadi. Taʼtil vaqtida belgilangan oʻquv dasturlardagi bilimlar televizion darslar orqali oʻquvchilarga yetkaziladi. Bu darslarni faqat oʻquvchilar emas, balki ularning ota-onalari va yaqinlari, barcha pedagoglar ham kuzatib borishi lozim boʻladi.

Maʼlumki, fan olimpiadalarining keyingi bosqichlariga tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan edi. Maxsus komissiya qarori va Hukumatimiz tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq, barcha tadbirlar, jumladan, 23-28-mart kunlariga rejalashtirilgan fan olimpiadalari ham qoldirilganini aytib oʻtish joiz. Taʼtil davri tugaganidan soʻng oʻquv jarayonlariga taʼsir qilmagan holda fan olimpiadalari oʻtkaziladi.

Savollar koʻp va fuqarolarda tushunmovchiliklar mavjud. Ayni masalada koʻmak berish uchun albatta tuman xalq taʼlimi boʻlimlari, boshqarmalar, vazirlik bilan elektron muloqot shakllantirilgan. Barcha savollarga javob olish imkoniyati bor.

Anvar Umarov,
Xalq taʼlimi vazirligi Matbuot xizmati rahbari.