Munosabat
Davlatimiz rahbarining joriy yilgi Murojaatnomasi mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichini belgilab berdi. Unda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning natijalari tahlil qilinib, kelgusi davr uchun muhim vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, inson manfaatlarini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish va mahalla tizimini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, so‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida ijtimoiy davlat tamoyillari hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, islohotlarning samarasi har bir mahalla, har bir xonadon va har bir inson hayotida sezilarli darajada aks etmoqda. Bu qabul qilinayotgan qonunlar, davlat dasturlari va byudjet siyosatining xalq manfaatlariga xizmat qilayotganidan dalolatdir.

Murojaatnomada kambag‘allikni qisqartirish masalasi alohida e’tibor bilan tilga olindi. Aniq raqamlar va natijalar bu boradagi siyosatning samaradorligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Joriy yilda 5 million nafar aholining daromadli bo‘lgani, 1,5 millionga yaqin fuqaroning kambag‘allikdan chiqqani, 1 435 ta mahallaning “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirilgani tarixiy natijadir.
Bu yutuqlar mahallada joriy etilgan yangi boshqaruv tizimi, “yettilik” instituti, kredit, subsidiya va kompensatsiyalarga asoslangan ijtimoiy himoyaning mutlaqo yangi modeli bilan bevosita bog‘liq. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida biz ushbu islohotlarning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash, ijtimoiy yordamning manzilliligi va shaffofligini ta’minlashni o‘z oldimizga ustuvor vazifa qilib qo‘yishimiz lozim.
Prezidentning 2026 yilni – Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili, deb e’lon qilish taklifi jamiyatimizda mamnuniyat bilan kutib olindi. Chunki mahalla nafaqat hududiy boshqaruv bo‘g‘ini, balki ijtimoiy birdamlik, tarbiya, o‘zaro yordam va fuqarolik mas’uliyati maktabidir.
Shu bois, Murojaatnomada mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, ularni aholini daromadli qiladigan iqtisodiy makonga aylantirish uchun salmoqli moliyaviy resurslar ajratilishi belgilandi. Jumladan, mahalla infratuzilmasi uchun o‘nlab trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi, deputatlarga o‘z okrugidagi muammolarni hal etish uchun qo‘shimcha resurslar berilishi parlament a’zolarining joylardagi mas’uliyatini yanada oshiradi.
Bu borada Qonunchilik palatasi deputatlari mahalliy aholi bilan bevosita muloqotda bo‘lib, har bir loyihaning haqiqiy ijtimoiy samara berishi ustidan parlament nazoratini kuchaytiradi.
Shuningdek, Murojaatnomada ta’lim, sog‘liqni saqlash, yoshlar va xotin-qizlar masalasiga alohida urg‘u berildi. Kambag‘al oilalar farzandlarini maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish, inklyuziv ta’limni joriy etish, texnikumlar va kasbiy ta’limni yangi bosqichga olib chiqish bularning barchasi inson kapitaliga qaratilgan uzoq muddatli investitsiyadir.
Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlarni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar aholi hayot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Yana bir muhim jihat Prezident tomonidan xotin-qizlar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka mutlaqo murosasiz munosabat bildirilganidir. Bu jamiyatimizda ijtimoiy adolat tamoyillari yanada kuchayib borayotganidan dalolatdir. Xususan, oilaviy zo‘ravonlikni faqat shaxsiy muammo emas, balki butun jamiyatning dardi sifatida baholash muhim konseptual yondashuv sanaladi.
Bu borada biz, deputatlar qonunchilik bazasini takomillashtirish, profilaktika mexanizmlarini kuchaytirish, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim.
Xulosa qilib aytganda, Prezident Murojaatnomasida ijtimoiy davlat qurish yo‘lidagi qat’iy iroda, xalq bilan ochiq muloqot va aniq natijaga qaratilgan islohotlar dasturi mamlakatimiz oldidagi ustuvor yo‘nalish ekanligi yana bir bor o‘z aksini topdi. Ushbu maqsadlarni amalga oshirishda qonun ijodkorligi, parlament nazorati va xalq bilan muloqotni yanada kuchaytirish orqali o‘z hissamizni qo‘shish oldimizda turgan ustuvor vazifa sanaladi.
Odinaxon OTAXONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA