O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi 2025 yil natijalariga bag‘ishlangan “Yil sarhisobi” tadbirini o‘tkazdi. Unda sportchilar, murabbiylar, hakamlar hamda “Adolat” SDP vakillari ishtirok etdi.
Federatsiya raisi Ravshan Dastirov kirish so‘zida 2025 yil belbog‘li kurash uchun yuksak natijalar yili bo‘lganini, sportchilarimiz respublika va jahon musobaqalarida yuksak pog‘onalarni zabt etib, mamlakat sharafini munosib himoya qilganini e’tirof etdi.
“Adolat” SDP rahbari Robaxon Mahmudova esa milliy sport turlariga e’tibor va belbog‘li kurashni rivojlantirish masalalariga to‘xtalib, xalqaro musobaqalarda polvonlarimizga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbir davomida turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi:“Yilning eng yaxshi sportchisi”: Kamronbek Nomozboyev (o‘g‘il bolalar), Dilafro‘z Mamajonova (qizlar).
“Terma jamoani tayyorlashdagi xizmatlari uchun”: Shavkat Mirzaqulov va Baxtiyor Turg‘unpo‘latov.
“Yilning eng yaxshi hakami”: Mironshoh Ro‘ziyev.
“Yilning eng yaxshi natijador federatsiyasi”: Andijon viloyati.

Shuningdek, turli hudud va nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Ushbu tadbir belbog‘li kurashning rivojlanishi, avlodlar o‘rtasida sportga bo‘lgan qiziqish va milliy an’analarni qadrlashga xizmat qilishi shubhasiz.
Nigora Rahmonova,O‘zA