Xabar berganimizdek, Samarqanddagi Toyloq olimpiya va paralimpiya zaxiralari kollejida belbog‘li kurash bo‘yicha 2004-2005 yillarda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatining barcha vazn toifalarida g‘olib va sovrindorlar aniqlandi.
Ikki kun mobaynidagi qizg‘in bellashuvlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlarning 300 nafarga yaqin yosh polvonlari belbog‘li kurashning klassik va erkin yo‘nalishlarida kurash olib borishdi.
Murosasiz bahslar yakuniga ko‘ra, jizzaxlik Samandar Burxonov, farg‘onalik Izatilla Jo‘manov, navoiylik Behruz Abdurahmonov, namanganlik Asomiddin Zokirjonov, samarqandlik Orzubek Omonov kabi yoshlar o‘g‘il bolalar orasida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Rayhona Ortiqboyeva, Feruza Sobirova, Azizabegim Najimova, Muslima Ahmedova, Madinabonu Qahramonovalar O‘zbekiston chempioni maqomiga ega bo‘lishdi.

– Musobaqa har tomonlama yuqori darajada o‘tdi. Asosiysi, ushbu yosh toifasida O‘zbekiston terma jamoasiga nomzod sportchilarni saralab oldik. Ushbu yoshlar endi terma jamoa tarkibida joriy yil davomida o‘tadigan qit’a va jahon chempionatlarida mamlakatimiz sharafini himoya qilishadi, – deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov.
Chempionatda g‘olib va sovrindor bo‘lgan yosh sportchilar tashkilotchilar tomonidan medal, diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA