Andijon viloyatining Qo‘rg‘ontepa tumanida belbog‘li kurash bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kubok bellashuvlarida mamlakatimizning barcha hududlaridan 312 nafar sportchi g‘oliblik uchun gilamga chiqdi.

Chempionatning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov, Qo‘rg‘ontepa tumani hokimi Alisher Halilov, Andijon viloyat sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov ishtirok etib, musobaqa yangi chempionlar avlodini kashf etishga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Musobaqada o‘g‘il bolalar belbog‘li kurash va erkin yo‘nalish bo‘yicha 14 ta vazn toifasida, qizlar erkin yo‘nalishda 8 ta vaznda bellashdi.

Murosasiz o‘tgan kurashlar natijasida Muhammadali Tursunov (Andijon), Nurmuhammad Tohirjonov (Namangan), Fayozbek Mahmadov (Toshkent v.), Azizbek Orifjonov (Farg‘ona), Davron Abdurahmonov (Sirdaryo), Bekzod Farruxov (Buxoro), Quvonchbek Sheriboyev (Xorazm), Madinaxon Shermatova (Farg‘ona), Nilufar Mustapayeva (Qoraqalpog‘iston), Nozigul Sotvoldiyeva (Andijon), Durdona Mirzaboyeva (Jizzax) singari mahorat egalari shohsupaning eng yuqorisidan joy egalladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA