9-13 dekabr kunlari Rossiya davlatining Qozon shahrida belbog‘li kurash (borba na poyasax) bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli musobaqada belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollardan iborat terma jamoamiz (bosh murabbiy A’zamjon Shokirjonov) ham munosib ishtirok etishdi.
11 dekabr kuni start berilgan bahslarda erkaklar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishida 8 ta vazn toifasida, xotin-qizlar esa 5 ta vazn toifasida kurash tushishdi. Quvonarlisi, 35 ta davlatdan yig‘ilgan eng sara sportchilar orasida polvonlarimiz 3 ta oltin, 5 ta kumush, 5 ta bronza medallarini egallashga muvaffaq bo‘lib, umumjamoa hisobida faxrli ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi va kuchlilar qatoridan joy olishdi.
Belbog‘li kurashning erkin yo‘nalish bo‘yicha bellashuvlarda sportchilardan 57 kg. vazn toifasida Oybekjon Hamidov (Namangan), 68 kg.da Oybek Sultonov (Andijon), 52 kg.da Farangiz Abdunabiyeva (Sirdaryo) lar barcha raqiblarini yengib, oltin medallarni qo‘lga kiritishdi. 82 kg.da Husniddin Ro‘ziyev (Andijon), 100 kg.da A’zamjon Anvarjonov (Andijon), +100 kg.da Sherzod Rahimov (Farg‘ona), 58 kg.da Manzuraoy Mo‘ydinova (Farg‘ona) kumush medallariga ega chiqishgan bo‘lishsa, 62 kg.da Murodjon Rahimov (Xorazm), 52 kg.da Madina Akramova (Andijon), 66 kg.da Zemfira Azatova (Qoraqalpog‘iston), +76 kg.da Anife Kurtseitova (Andijon) lar uchinchi o‘rinni band etib, bronza medal sohiblariga aylanishdi.

Klassik yo‘nalishda polvonlarimizdan 62 kg.da Husanboy Nosirov (Andijon) uchinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 100 kg. da kurash tushgan Zaylobiddin Ortiqov ikkinchi o‘rinni band etib, kumush medal egasiga aylandi.
Jahon chempionati bellashuvlari yakuniga yetgach, tantanali tarzdagi taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘olib va sovrindorlar medal, diplom, kubok va esdalik sovg‘alari bilan mukofotlanishdi.
Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok etgan O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bugun 14 dekabr erta tongda Toshkentga qaytib keldi.
Poytaxtimizning “Islom Karimov” nomidagi xalqaro aeroportida jahon chempionatining g‘olib va sovrindorlari ota-onalar, ustoz-murabbiylari, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi vakillaridan iborat keng jamoatchilik tomonidan munosib kutib olindi.
Oybek YUNUSOV, O‘zA