Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belbog‘li kurash: Mingbuloqda jahon chempionati ishtirokchilari saralandi
12:58 / 2022-08-25

Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 31 yilligi shodiyonalari tobora yaqinlashgani sayin joylarda sport musobaqalari, turli chempionatlar o‘tkazilmoqda. Bu esa bayramni munosib yutuqlar bilan qarshilash asnosida iqtidorli sportchilarni saralashda qo‘l kelmoqda.

Namanganning Mingbuloq tumanida milliy qadriyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan belbog‘li kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida o‘tgan O‘zbekiston chempionati ham ayni tamoyillar asosida tashkil etildi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining 400 nafarga yaqin polvonlari ishtirok etgan chempionat sportchilar uchun ham, kurash ishqibozlari uchun ham chinakam bayram ko‘rinishini oldi. 

Musobaqada erkaklar belbog‘li kurashning erkin va klassik yo‘nalishlarida 8 tadan vazn toifasida, xotin-qizlar esa erkin yo‘nalishda 5 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashdi.  

Shiddatli bahslarga boy bo‘lgan chempionatda o‘z yo‘nalish va vaznlarida o‘g‘il bolalardan Nodirbek Abdumalikov, Shoxruh Zokirov, Oybek Sultonov, Husniddin Ro‘ziyev, Shoxjahon Ortiqov va Baxtiyor Jumaboyev kabi sportchilar g‘oliblikni tantana qilgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasida Fotima Tursunboyeva, Ullijon Davletova, Biybigavhar Polatboyeva, Felura Ergasheva hamda Rahima Yo‘ldosheva chempionlikka erishdi. 

– Mingbuloqda o‘tgan bahslar joriy yilning 8-11 sentyabr kunlari mamlakatimizda belbog‘li kurash bo‘yicha tashkil etiladigan navbatdagi jahon chempionatida ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasini shakllantirib olish vazifasini o‘tadi. Shu boisdan har bir vazndagi kurashlar juda murosasiz kechdi, – deydi O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi raisi Ravshan Dastirov. 

Uch kun davom etgan chempionat yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

T.Ro‘ziyev,  
O‘zA