G‘ijduvonda belbog‘li kurash bo‘yicha 2007-2008 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar va qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston kubogi mamlakatimizning 300 nafardan ziyod yoshlarini jamladi.
Belbog‘li kurashning ikki yo‘nalishida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Jahon belbog‘li kurash assotsiatsiyasi rahbari Azizbek G‘aniyev, G‘ijduvon tumani hokimi o‘rinbosari Sherzod Sharipov, Buxoro viloyati yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i O‘tkir Najmiddinov yurtimizda jismoniy tarbiya va sport, xususan, milliy sport turlarini rivojlantirishga alohida e’tibor berib kelinayotganligi natijasida xalqaro maydonda yuksak natijalarga erishilayotganini ta’kidladi.


Musobaqa g‘ijduvonliklar va Buxoro viloyatning turli hudularidan kelgan kurash muxlislari uchun chinakam sport bayramiga aylandi.
Ikki kunlik shiddatli bellashuvlar natijasida belbog‘li kurash va erkin yo‘nalishlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Unga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida navoiylik Abdulatif Nuriddinov, andijonlik Firdavsbek Abduvosilov, samarqandlik Muhriddin Quvvatov, namanganlik Fayozbek Sobirjonov, farg‘onalik Ozodbek Abdusattorov, sirdaryolik Sobirjon Abdullayev, qizlar o‘rtasidagi bahslarda esa Nozligul Sotvoldinova (Andijon), Munira Siddiqova, Dinara Xudoyberdiyeva (Andijon), Gulsanam Soliyeva (Farg‘ona) o‘z vazn va yo‘nalishlarida birinchi o‘rinni egalladi.

Sovrinli o‘rinlarni egallagan sportchilar Yoshlar siyosati va sport vazirligi, O‘zbekiston belbog‘li kurash federatsiyasi hamda tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
I.RAHMONOV, O‘zA