Jahon matbuoti O‘zbekiston haqida
Belarusning “EU Reporter” yangiliklar saytida Toshkentda o‘tkazilayotgan “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasiga bag‘ishlangan “Innoprom-2022: Markaziy Osiyo – texnik yutuqlar maydoni” sarlavhali maqola chop etildi.
Materialda mazkur nufuzli anjuman mintaqa davlatlari o‘rtasida investitsiya, sanoat, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, korxonalar o‘rtasida izchil aloqala o‘rnatish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishda beqiyos ahamiyat kasb etgani ochib berilgan.
– Xalqaro ko‘rgazmaning asosiy maqsadi ko‘p tomonlama sheriklik ko‘lami kengayishiga yangi sur’at bag‘ishlash uchun umumiy manfaatli jihatlarni aniqlash, shuningdek, mintaqalar va mamlakatlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yishdan iborat, – deyiladi axborot xabarida.
Muallif O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning investitsiyaviy, iqtisodiy salohiyati xususida konstruktiv muloqotga kirishish maqsadida Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, shuningdek, MDH mamlakatlaridan 200 ga yaqin xorijiy kompaniya, 1300 dan ziyod jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tganiga alohida e’tibor qaratgan.
Maqolada mamlakatimiz iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, iqtisodiyotda davlat ulushini kamaytirish, sanoatni raqamlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash orqali amalga oshirilayotgan samarali islohotlar O‘zbekistonning tashrif qog‘oziga aylanayotgani e’tirof etilgan.
– Xalqaro ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston tarmoqlarining sarmoyaviy va sanoat salohiyati taqdim etildi, ishlab chiqarish va Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikning muhim jihatlariga bag‘ishlangan o‘quv sessiyalari tashkil etildi, – deb yozadi Belarus sayti. – Ishtirokchi davlatlari ko‘rgazma ma’muriy hududlari, sanoat korxonalari o‘rtasidagi uchrashuvlar aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi tabiiy.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA