Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va distribyutorlar vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi “Birinchi Belarus-O‘zbekiston ayollar biznes forumi”da ishtirok etish maqsadida Belarus Respublikasida bo‘ldi.
Forum doirasida Belarus davlatning “Belfarmprom” xolding boshqaruv kompaniyasi rahbariyati va O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktor maslahatchisi X.G‘aniyeva boshchiligidagi delegatsiya vakillari uchrashdi.
Tashriflar davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi va “Belfarmprom” xolding o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik memorandumi imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi hududida qo‘shma korxona tashkil etish va texnologiyalar transferi masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya vakillari “Belmedpreparatы» RUK, “Minskinterkaps”, “Ekzon” OAJ va boshqa qon preparatlari jumladan, albumin va ayrim qon omillari ishlab chiqarish texnologiyalari o‘rganiladigan korxonalar rahbariyati bilan uchrashdi.
Tadbir doirasida Belarus davlatining transfuziologiya markaziga tashrif amalga oshirilib, unda farmatsevtika sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, tibbiyot fanini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari va prognozlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari birinchi Belarus-O‘zbekiston ayollar biznes forumining “Ayollar biznesda – Belarus va O‘zbekiston o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini rivojlantirish salohiyati” mavzusidagi yalpi majlisida ham ishtirok etdi.
Deklaratsiyaga ko‘ra, forum ishtirokchilari bir-biri bilan kesishmaydigan yo‘nalishlarda dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA