Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Belarus delegatsiyasi Toshkentdagi yirik sanoat majmuasi imkoniyatlari bilan tanishdi
15:43 / 2026-02-24

O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi, texnologik almashinuv va investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan amaliy muloqotlar izchil davom etmoqda.

Ayni kunlarda Belarus Respublikasi Bosh vaziri Aleksandr Turchin

boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga qilgan tashrifi ham shunday uchrashuvlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Kuni kecha Belarus delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida poytaxtdagi “Texnopark” MCHJ ishlab chiqarish majmuasi faoliyati bilan tanishdi.  

Tashrif doirasida ikki davlat o‘rtasida sanoat sohasidagi amaliy sheriklikni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni rivojlantirish hamda innovatsion ishlab chiqarish imkoniyatlarini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tanishuv jarayonida mehmonlarga majmuada tashkil etilgan yuqori texnologiyali ishlab chiqarish tarmoqlari, ularning quvvatlari va mahsulot turlari haqida batafsil ma’lumot berildi.  

Ta’kidlanganidek, 2019-yilda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida ishga tushirilgan mazkur sanoat maydoni bugungi kunda 17 ta zamonaviy ishlab chiqarishni qamrab olgan ko‘p tarmoqli industrial markaz sifatida shakllangan.

Delegatsiya a’zolari gazni elektron hisobga olish asboblari, lift va eskalatorlar, maishiy texnika vositalari, shuningdek sanoat uskunalari hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish bosqichlari bilan tanishdi. Xususan, muzlatkich va kir yuvish mashinalari, qozonlar, konditsionerlar, nasoslar, sendvich va alyuminiy kompozit panellar, bazalt asosidagi izolyatsiya materiallari tayyorlash jarayonlari namoyish etildi. Bu esa majmuada mahalliylashtirish darajasi va texnologik yechimlar keng joriy etilganini ko‘rsatadi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati ma’lum qilganidek, ayni paytda majmuada 5 mingdan ortiq xodim mehnat qilmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 800 milliard so‘mni, ya’ni taxminan 62 million AQSH dollarini tashkil etdi. Mahsulotlar nafaqat ichki bozor ehtiyojlarini qondirish, balki Rossiya, Ruminiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Gruziya, Tojikiston, Mongoliya, Turkiya, Qirg‘iziston va Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinib, majmua tashqi savdo geografiyasini ham kengaytirib bormoqda.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashrif O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi sanoat hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. “Texnopark”da amalga oshirilayotgan ishlab chiqarish loyihalari, texnologik yechimlar va eksport imkoniyatlari ikki davlat korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani kengaytirish, qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish hamda o‘zaro manfaatli sheriklikni izchil rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bugun Belarus delegatsiyasi Termiz shahrining industrial imkoniyatlari bilan tanishmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA