Belarus Respublikasining biznes delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistondagi tashriflari doirasida Jizzax viloyatida ham bo‘ldi.
Mehmonlar vohadagi agroklasterlar faoliyati bilan atroflicha tanishib, qishloq xo‘jaligi, texnika va agrobiznes sohalarida jizzaxlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Delegatsiya a’zolari dastlab Jizzax shahrida tashkil etilgan Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida bo‘lib, yarmarka ishtirokchilari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni diqqat bilan tomosha qilishdi.

Belaruslik mehmonlarning Jizzax erkin iqtisodiy zonasi direksiyasida mahalliy tadbirkorlar bilan B2B tartibidagi uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda tomonlar o‘z faoliyati bo‘yicha taqdimotlar qilib, videoroliklar namoyish etishdi. Belarus Respublikasi Gomel savdo- sanoat palatasi, “Gomselmash” va “Gomelagrokomplekt” kompaniyalari zamonaviy texnologiyalar va mahsulotlarini taqdim qildi.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikasi, chorvachilik va qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.

Muzokaralar natijasida Belarus kompaniyalari tomonidan qishloq xo‘jaligi texnika va uskunalari yetkazib berish bo‘yicha dastlabki kelishuvlar imzolandi.

Ana shu hamkorlik kelishuvlari O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida agrar sohada hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari