Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Belagro 2023” xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasida o‘zbekistonlik fermerlar ishtirok etmoqda
16:20 / 2023-06-07

O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining tashabbusi bilan Toshkent, Namangan, Jizzax viloyatlari vakillari 1-7 iyun kunlari Belarusda bo‘ldi.

Safar davomida delegatsiya a’zolari Belarus davlatining agrar texnologiyalari universiteti, “Yagodka” fermer xo‘jaligi, “Smolovech Moloko” aksiyadorlik jamiyati kabi tashkilotlarda bo‘lib, hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 

Unda Belorus davlati bilan agrar soha xodimlarining malakalarini oshirish, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlar bilan chorvachilik, rezervor mevalar yetishtirish va eksport import sohalarida mahorat darslari tashkil etish, O‘zbekistonga naslli chorva mollarni import qilish, ularga esa bog‘dorlik mahsulotlarini eksport qilishga kelishib olindi. 

“Yagodka” fermer xo‘jaligi manzarali ko‘chatlar va rezavor o‘simliklar yetishtirishga iqtisoslashgan bo‘lib, hozirda golubika, malina ko‘chatlari ham tayyorlanar ekan, - deydi O‘zbekiston agro axborot innovatsiya markazi rahbari M.Yo‘ldoshev.- Biz xo‘jalikni ko‘chatchilik maydonlari, in-vitro laborotoriyasi, muzlatgichi hamda o‘quv tajriba markazi bilan tanishdik. Shu o‘rinda aytish kerakki, mazkur xo‘jalik Samarqand va Namangan viloyatlari bilan golubika yetishtirish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, may oylarida pishgan mevalar arab davlatlariga eksport qilinmoqda. Belarusining o‘zida golubika o‘simligi avgust oyida pishib yetiladi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Minsk viloyatida yirik sut mahsulotlarini qayta ishlovchi “Smolovech Moloko” korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Korxona 12 ta yirik chorva xo‘jaligi hamda aholidan kuniga 200 tonna sut qabul qilib, 8 turdagi jahon standartlariga mos sut mahsulotlari ishlab chiqaradi. 

Xo‘jalikning chorvachilik komplekslari bilan hamkorligi keng va muntazam shaklda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, sut mahsulotlarining yog‘lilik miqdori 3.8 - 4 foizni tashkil etadi. 

O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari 6 iyun kuni Belarusda ochildi “Belagro 2023” xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasida ham ishtirok etmoqda. 

Unda o‘simlikchilik, chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirishning ilg‘or tendensiyalari, mahsulotni qayta ishlash, qadoqlash va saqlashning zamonaviy texnologiyalari, turli qishloq xo‘jaligi texnikalari keng namoyish etilmoqda.

Misr, Eron, Keniya, Kuba, Mo‘g‘uliston kabi davlatlardan 450 ta kompaniya ishtirok etayotgan "Belagro" ko‘rgazmasi har yili biznes muzokaralar uchun asosiy platformalardan biriga aylanadi.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini ta’minlash, yer resurslaridan ekologik va iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan foydalanish, qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishda yaqin va uzoq xorij mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari bo‘yicha keng ko‘lamli masalalar keng muhokama qilinadi.

Mazkur xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston fermer dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xodimlari, Toshkent, Namangan viloyati kengashi rahbar va fermerlari ham faol ishtirok etmoqda.

O‘zA