Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekzod Hamroyev: "Milliy valyutamizning qadrini oshirish uchun avvalo inflyatsiyani 5 foizga tushirishimiz kerak" (+video)
11:52 / 2022-08-02

Ma’lumki, inflyatsiya, bu – pulning qadrsizlanishi. Iqtisodiyotning boshqa biror sohasida inflyatsiya so‘zi ishlatilmaydi. Inflyatsiyaning eng yomon ijtimoiy oqibati, u aholining turmush darajasini pasaytiradi.

Inflyatsiya ko‘rsatkichi mamlakatdagi makroiqtisodiy barqarorlikni ifodalovchi muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, ichki iste’mol bozorida tovar va xizmatlar narxlari umumiy darajasining o‘zgarishini o‘zida aks ettiradi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatimizda inflyatsiya darajasi xalqaro amaliyotga muvofiq iste’mol narxlari indeksi (o‘rtacha geometrik kattalikdan foydalangan holda o‘zgarmas vaznlarda) asosida hisoblanadi. Shu maqsadda ichki bozordagi 510 turdagi iste’mol tovarlari va xizmatlari narxlari kuzatib boriladi. O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 12,2 foizni tashkil etmoqda.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish joiz, taraqqiy etgan davlatlarning hech qaysida inflyatsiyaning yillik darajasi 2 foizdan oshmaydi. Misol uchun, Xitoyda inflyatsiyaning yillik darajasi 1,8 foiz. Mazkur davlatlarda inflyatsiya muammosi yo‘q.

Xalqaro valyuta fondining ekspertlariga ko‘ra, agar inflyatsiyaning yillik darajasi 3 foizdan oshmasa, bu mo‘’tadil inflyatsiya hisoblanadi. Ammo Yevropada bu boshqacha. Xususan, Maastrixt shartnomasiga ko‘ra, Yevro hududga a’zo mamlakatlarda inflyatsiyaning yillik darajasi 2 foizdan oshmasligi kerak. Hozirda 19 ta davlat Yevropaga a’zo. Mazkur davlatlarda inflyatsiyaning yillik darajasi 2 foizni tashkil etadi.

bugungi kunda nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning ko‘plab davlatlarida inflyatsiyaga qarshi kurashish davlat iqtisodiy siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi.

Iqtisodchilarning fikricha, Rossiya tabiiy monopol mahsulotlar va xizmatlar bahosi o‘sishini cheklamaguncha inflyatsion targetlash bo‘yicha ko‘rsatkichni bajarolmadi. Rossiyada tabiiy monopollar iqtisodiyotda juda katta mavqega ega. 

Shu sababli Rossiya tabiiy monopollar mahsulotlari va xizmatlari bahosini o‘sishini cheklashga erishdi. Bizda esa tabiiy monopollarning xizmat va mahsulotlari bir yilda, bir necha baravarga oshadi. 

Misol uchun benzinni olaylik. So‘ngi yildan necha marotaba oshdi. Tabiiy monopollar tovar va xizmatlarining narxi barqaror ushlansa, inflyatsiyaga barham berishga ma’lum miqdorda erishish mumkin. «O‘zbekneftigaz» AJ, «O‘zbekenergo» AJ Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zbekiston havo yo‘llari» AJ kabi tashkilotlarning raqobatchisi yo‘q. Bular tabiiy monopoliya hisoblanadi. Bu tabiiy monopoliyalarning mahsuloti bahosining oshishi boshqa tarmoqlar uchun katalizator vazifasini o‘taydi. Chunki bu xizmatlardan hamma tarmoq foydalanadi. Shuning uchun narxni oshirdimi, boshqa tarmoqlarning ham narxi oshib ketadi. Shu bois mamlakatimizda ham 2020 yildan boshlab inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish boshlandi.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 28 yanvardagi 60- sonli farmoni bilan 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi tasdiqlandi. Mazkur hujjatda inflyatsiya bo‘yicha aniq maqsad va ko‘rsatkich belgilandi. Unga ko‘ra, 2023 yildan boshlab inflyatsiyaning yillik darajasi O‘zbekistonda 5 foizdan oshmasligi kerak. Bundan tashqari, 2019 yilda 11 noyabrda «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida» yangi tahrirdagi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunga, ko‘ra inflyatsiyaga qarshi kurashish Markaziy bankning bosh maqsadi hisoblanadi. Belgilangan vazifalar ijrosi to‘g‘risida ma’lumot olish maqsadida Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bekzod Hamroyev bilan suhbatlashdik.

– Har bir davlat Markaziy bankining inflyatsiyaga qarshi kurashish rejasi bor, – deydi Markaziy bank raisi o‘rinbosari Bekzod Hamroyev. – Bizda 2023 yilning oxirida 5 foizga tushirish bo‘yicha qaror asosida target belgilab olingan. Markaziy bankning pul-kredit siyosati aynan shu – 5 foiz targetga tushishiga qaratilgan. Buning tagida chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Bosqichma bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

– Yuqorida aytib o‘tdingiz 2022 yilda yillik inflyatsiya 9-8 foizni tashkil etishi belgilangan. Ammo bugungi kunda yillik inflyatsiya 12 foizni tashkil etmoqda. Buni qanday izohlaysiz?

– Yillik inflyatsiya 12 foizni tashkil etishiga sabab bor. Joriy yilning fevral oyida bo‘lgan geosiyosiy vaziyatlar va jahonda biz import qiladigan tovarlarning narxlari ko‘tarilishi yurtimizda inflyatsiyaning ma’lum ma’noda oshishiga sabab bo‘ldi. Yil oxirigacha inflyatsiya 12-14 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

– O‘zbekistonda inflyatsiya qanday omillar natijasida yuzaga keladi?

– Inflyatsiyani yuzaga keltiruvchi omillar ikkiga bo‘linadi. Monitar omillar, Monitar bo‘lmagan omillar kiradi. Monitar omillarga pul massasining o‘sishi bilan bog‘liq omillar kiradi. Muomaladagi pul massasining o‘sishi, davlat byudjeti defitsitining, iqtisodiyotda banklar beradigan kreditning o‘sish suratlari oshishiga xizmat qiladi. Bunga Markaziy bank javob beradi.

Ikkinchisi Markaziy bankka bog‘liq bo‘lmagan monitar bo‘lmagan omillar hisoblanadi. Aytaylik, hozir butun dunyoda iqlim bilan bog‘liq o‘zgarishlar inflyatsiyaga salbiy ta’sir qiladi. 

Misol uchun, ko‘plab davlatlardagi qurg‘oqchilik. Buning oqibatida hosil samarali bo‘lmaydi. Oz-ovqat narxi oshadi. Hozirda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash butun dunyo eng ustuvor vazifasiga aylangan. Shu omillar qo‘shiladi.

Milliy valyutaning qadrsizlanishi, deganda nimaga nisbatan qadrsizlanishiga e’tibor berish kerak. Milliy valyuta tovar, oziq-ovqat mahsulotlari yoki qaysi davlatning puli, bo‘lar ham bizning milliy valyutamizga nisbatan bitta tovar. Milliy so‘mimiz 1994 yilga nisbatan chet el valyutasiga qaraganda qadrsizlangan. Qariyb 30 yil mobaynida qadrsizlangan. Lekin buning asosiy sababi inflyatsiya. Chunki 1996-1997 yilgacha inflyatsiya 100 foiz yuqori edi. Ya’ni narxlar ikki barobar oshgan. 

Bu ishlab chiqarish, mahsulot yetkazib berish bilan bog‘liq. Bundan keyingi 2000-2004 yillarda inflyatsiya ma’lum bir ma’noda sekinlashgan. O‘sha vaqtlarda ham inflyatsiya past bo‘lmagan. Yillik kamida 10-15 foiz inflyatsiya bo‘lib kelganligi uchun milliy valyutamiz qadrsizlangan. Chunki inflyatsiya bo‘lib turib, milliy valyutangiz qadrsizlanmasdan qolishi qiyin masala.

– O‘zbekistonda pul almashtirilsa, inflyatsiyaga barham bersa bo‘ladimi?

– Yo‘q. Sababi, mana shu metodni qo‘llagan davlatlar bor. Nomlarini sanab o‘tirmayman. Ammo inflyatsiyani pasaytirishga erisha olmagan. Milliy valyutamizning qadrini oshirish uchun avvalo inflyatsiyani 5 foizga tushirishimiz kerak. Keyin pulni almashtirishni o‘ylasak bo‘ladi.

– Inflyatsiyani tushirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan qanday chora-tadbirlar ko‘rilyapti?

– O‘tgan 3-4 yilni oladigan bo‘lsangiz, yillik inflyatsiya 18 foizni tashkil etgan. 3 yil ichida 10 foizgacha tushirdik. Bu yil ham inflyatsiyani 8-9 foizga tushirish maqsad qilingan edi. Ammo bugungi tashqi faktorlar, logistika bilan bog‘liq boshqa omillar hisobiga joriy yilda ham inflyatsiya yuqoriroq bo‘lyapti. Lekin 5 foizga albatta erishamiz.

 

Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA