Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida tug‘ilgan yosh iste’dod egasi Bekzod Abduvoitov Indoneziyada o‘tkazilgan nufuzli “Handai Indonesia 2025” xalqaro festivali doirasidagi “Lomba Berpidato” — nutq so‘zlash bo‘yicha butunjahon tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ushbu musobaqada u O‘zbekiston Respublikasidan yagona ishtirokchi sifatida qatnashib, yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.
Joriy yilning 25–31 oktyabr kunlari Indoneziya Ta’lim va madaniyat vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan festival dunyoning 60 ta mamlakatidagi 436 nafar iqtidorli yoshlarni birlashtirdi. Tanlovda ishtirokchilar nutq madaniyati, til bilimi hamda o‘z mamlakatining madaniy qadriyatlarini namoyon etish bo‘yicha bellashdilar.
Bekzod Abduvoitovning chiqishi hakamlar tomonidan yuqori baholandi. U nutqida O‘zbekistonda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, ta’lim tizimidagi islohotlar va milliy qadriyatlar haqida so‘zlab, yurtimiz ma’naviy qudratini jahon sahnasida namoyon etdi.
– Men uchun bu g‘alaba faqat shaxsiy yutuq emas, balki mamlakatimiz yoshlarining salohiyatini dunyo miqyosida ko‘rsatish imkoni bo‘ldi, – deydi Bekzod Abduvoitov. – O‘zbekistonda yoshlarga berilayotgan e’tibor bizga yangi marralarni zabt etishga kuch va ishonch beradi.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, Bekzod 2000 yil 12 oktyabrda Guliston shahrida tug‘ilgan. U 2015 yilda Toshkentdagi Uspenskiy nomli musiqa akademik litseyini, 2018 yilda Guliston axborot va kompyuter texnologiyalari kollejini, 2023 yilda esa Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetining Xorijiy davlatlar iqtisodiyoti fakultetini tamomlagan.
Hozirda u Indoneziyaning nufuzli “Universitas Pendidikan Indonesia” universitetida magistratura bosqichida tahsil olib, tilshunoslik va xalqaro munosabatlar yo‘nalishida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA