French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bektemirdagi bog‘chaga kitob javonlari taqdim etildi
13:48 / 2025-09-18

Avval xabar berganimizdek, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi tashabbusi bilan “Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida “Mening birinchi kutubxonam” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Mazkur loyiha doirasida yurtimizdagi bir qator maktabgacha ta’lim tashkilotlariga bosqichma-bosqich kitob javonlari hamda yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan badiiy adabiyotlar taqdim etish ko‘zda tutilgan. “Mening birinchi kutubxonam” loyihasining navbatdagi manzili Bektemir tumanidagi “Orzu” nomli 577-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti bo‘ldi.

Kitobxonlik aksiyasi “Yangi asr avlodi”, “Zukko kitobxon”, “Invest-Book” kabi yirik nashriyotlar tomonidan bog‘chada tashkil qilingan kitoblar ko‘rgazmasi bilan boshlandi. Farzandlari va nabiralari bilan kelganlar bu kabi kitoblar ko‘rgazmasi muntazam o‘tkazib turilishi bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim ekanini ta’kidladilar va o‘z takliflarini bildirdilar.

Tadbirda bolalar adabiyoti bo‘yicha milliy va xalqaro tanlovlar g‘olibi, taniqli yozuvchi Gulnoz Tojiboyeva o‘zining “Epchil Zag‘izg‘on” kitobini o‘qib berdi. Muallifning o‘zidan tinglash bolajonlar juda qiziqarli va maroqli bo‘ldi, tarbiyachi va ota-onalar uchun esa ma’lum ma’noda mahorat darsi vazifasini o‘tadi.

Partiyaning “Bolangiz bilan kitob o‘qing” aksiyasi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalariga kitob javonlarini taqdim etish jarayoni davom etmoqda. 

E’tirof etish lozimki, bolalar kitobxonligini qo‘llab-quvvatlash, oilaviy mutolaa an’anasini ommalashtirish, bolalarni kichik yoshidan mutolaaga qiziqtirish orqali ularning dunyoqarashi, ma’naviyati va intellektual salohiyatini yuksaltirish, ijodiy qobiliyatini yuzaga chiqarish, nutqini, fikrlash, tahlil qilish qobiliyatini rivojlantirishda bu kabi amaliy loyihalar muhim o‘rin tutadi. 

Muhtarama Komilova, O‘zA