Professional boksning eng o‘rta vazn toifasida jang olib borayotgan bokschimiz Bektemir Meliqo‘ziyevning navbatdagi jang sanasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Meliqo‘ziyev joriy yilning 22 fevral tongida AQSHning Las-Vegas shahrida tashkil etiladigan professional boks oqshomining asosiy tarkibida ringga ko‘tariladi. Bektemirga Gana vakili Sena Agbeko raqiblik qiladi.
Ushbu boks oqshomining markaziy jangi yarim o‘rta vazn toifasida WBC chempioni Mario Barrios va sobiq jahon chempioni Rayan Garsiya o‘rtasida o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, B.Meliqo‘ziyev hozirda WBA yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik kamari uchun majburiy da’vogar sanaladi. Biroq, WBA hozircha Meliqo‘ziyevning chempion Armando Resendis bilan o‘tkazishi mumkin bo‘lgan jang haqida ma’lumotni tasdiqlaganicha yo‘q.
Ma’lumot uchun, 29 yoshli Meliqo‘ziyev professional boksda 17 ta jang o‘tkazib, 16 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. 33 yoshli Agbeko hisobida esa 29 ta g‘alaba va 4 ta mag‘lubiyat mavjud.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA