bugungi kunda “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 8 ta magistral gaz quvurlari boshqarmasi faoliyat ko‘rsatadi. Ikkita gazni yer osti saqlash inshooti va “Urganchtransgaz” unitar korxonasi ham mazkur jamiyat tizimidadir.
Ushbu jamiyat hamda uning tizimidagi boshqarmalar aholi va iste’molchilarga magistral gaz quvurlari orqali tabiiy gaz yetkazib beradi. Jamiyat korxonalari tomonidan 13 ming 200 kilometrdan ortiq magistral gaz quvurlari va tarmoqlariga, ikkita gazni yer osti saqlash inshootiga, 420 dan ortiq gaz taqsimlash stansiyasiga hamda 22 ta kompressor stansiyasidagi 232 ta gaz haydash agregatiga xizmat ko‘rsatiladi.
“O‘rta saroy” gaz taqsimlash stansiyasi ham 400 dan ortiq stansiyaning biri bo‘lib, u Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashlidir.
Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi GTS muhandisi Jaloliddin Yusupaliyevning qayd etishicha, ushbu “O‘rta saroy” gaz taqsimlash stansiyasi soatiga 50 ming metr kub gazni O‘rta Chirchiq tumaniga taqsimlab beradi.
– Bu GTS avval katta yo‘l bo‘yida edi, xavfsizlikni kuchaytirish maqsadida 2019 yilda ichkariroqqa ko‘chirilib, zamonaviy tipda yangidan qurildi. 2020 yilda ishga tushirilgan Nurafshon shahri iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlovchi stansiyaning o‘tkazuvchanlik quvvati soatiga 60 ming metr kubni tashkil qiladi. Bu esa Nurafshon shahrining hozirgi ehtiyojidan ancha ortiq ko‘rsatkichdir. Tabiiy gaz ta’minoti stansiyagacha qariyb 200 metr uzoqlikdan o‘tuvchi magistral gaz tarmog‘i orqali amalga oshiriladi. Eng muhimi, stansiyamizda bu yilgi kuz-qish mavsumida iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlab berishga puxta taraddud ko‘rildi, – dedi.J. Yusupaliyev.
"O‘ztransgaz" AJ tomonidan tizim tashkilotlari faoliyatini takomillashtirish maqsadida gazni nazorat qilish va o‘lchashning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUG) dasturini joriy etish ishlari bilan bir qatorda, zamonaviy gaz taqsimlash stansiyalar qurilishi bo‘yicha pilot loyihani amalga oshirishga qo‘l urildi.
2021 yilda "Bektemir" gaz taqsimlash stansiyasi bazasida zamonaviy uskunalar hamda yangi texnologik yechimlardan foydalangan holda ana shunday pilot loyiha ishga tushirildi.
[gallery-9504]
– Stansiyamiz 2009 yilda rekonstruksiya qilinib, uning quvvati oshirildi, – dedi Toshkent magistral gaz quvurlari boshqarmasi "Bektemir" gaz taqsimlash stansiyasi operatori Abduolim Holiqov. – 2021 yilda respublikamizda birinchilardan bo‘lib, sinov tariqasida inson omilisiz stansiyani masofadan boshqarish loyihasi amalga oshirildi. Bunday sinov ishlari muvaffaqiyatli bo‘lsa, kelajakda har bir GTSlarda shu tajriba qo‘llaniladi.
Ushbu loyihaning amaliy ahamiyat haqida taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, "Bektemir" GTS ning tarmoqlaridan biriga, ya’ni gaz o‘lchash qurilmasi real vaqt rejimida o‘qish va ma’lumotlarni "O‘ztransgaz"AJ Markaziy boshqaruv idorasiga uzatish imkonini beruvchi tizim o‘rnatildi. Ma’lumotlarni qayta ishlash, uzatish va saqlashning yangi algoritmlari joriy etilgan tizim o‘zining samaradorligi va moslashuvchanligini ko‘rsatdi. Bu tizim bir qator muhim vazifalar, jumladan, gaz ta’minoti hajmini o‘lchash aniqligini takomillashtiradi, gaz sifati parametrlarini o‘lchashni ta’minlaydi, sanoat iste’molchilari tomonidan olinayotgan yoki yetkazib berilmayotgan gaz hajmini o‘z vaqtida aniqlash va ro‘yxatga olish kabi bir qator imkoniyatlarni yaratadi. Shuningdek, gaz iste’moli tizimidagi va uskunalarning ishlashida har qanday buzilishlar haqidagi signallarni avtomatik ravishda onlayn tarzda Markaziy nazorat xonasiga yo‘naltiradi.
Ta’kidlash kerakki, “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati “2021-2023 yillardagi magistral gaz transport tizimini modernizatsiya qilish” dasturi doirasida ham ishlar jadal olib borilmoqda. Shuningdek, jamiyatning magistral uzatish tizimidagi jami 1 ming 393 ta gazni tijoriy hisoblash uskunasi ASKUG tizimiga ulangan. Bu esa ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Albatta, ushbu tizimda amalga oshirilayotgan o‘zgarish va yangiliklarni keng ommaga yetkazish hamda ular haqida ma’lumotlar berish “O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyatining muhim vazifalaridan. Shu sababli, jamiyat Axborot xizmati tomonidan tashkil etilayotgan tadbirlar ushbu topshiriqlar ijrosiga qaratilmoqda.
– Bunda biz nafaqat saytimiz va ijtimoiy tarmoqlar, balki bir qator OAVlar vakillari ishtirokida jamiyat tizimidagi boshqarma va GTSlarga mediaturlar tashkil etib, u yerdagi haqiqiy ish jarayonlari haqida jurnalistlarga axborot, video va fotolavhalar tayyorlashga qulaylik yaratmoqdamiz, – dedi "O‘ztransgaz" aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati bosh mutaxassisi Farida Tojiboyeva. – Negaki, GTSlar muhim ob’ektlar sanalib, u yerdagi ish jarayoni bilan tanishish ham tartib asosida amalga oshiriladi. Joriy yilning 9 noyabr kuni uyushtirilgan tadbirimiz ham ulardan biri bo‘lib, OAVlar vakillari “O‘rta saroy”, “Bektemir” va “Toshkent-2” gaz taqsimlash stansiyalarining qay tartibda ishlashi, ularning qaysi manzillarga tabiiy gazni taqsimlab berishi va kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi bo‘yicha atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi. Bunday axborotlar esa aholining GTSlar faoliyati haqida xabardorligini oshirishga xizmat qiladi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri