BEKSEIT BOBO: “Urush kinolardagi lavhalar emas, undan ming bora dahshatliroqdir...”
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashab kelayotgan Bekseit bobo Baymurzayev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan.
Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida yashab kelayotgan Bekseit bobo Baymurzayev Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan. Yuz yoshni qarshilayotgan bobo bugungi kunlarga shukrona aytib, mahalla ahli, farzandlaru nevaralarini ona zaminni qadrlashga, vatanparvar boʻlishga undashdan charchamaydi.
Urush koʻplar qatori Bekseit boboga ham armonu alamlar qoldirdi. U harbiy xizmatda qanchadan-qancha doʻstlar orttirgan edi. Otaxon Vatan himoyasi uchun jasorat koʻrsatgan va halok boʻlgan qadrdonlarini bir zum ham unutmadi.
...Bekseit Baymurzayev 1942-yil 12-sentyabrda urushga chaqirilganida endi 18 yoshga kirgan navqiron yigit edi. U jangga borayotganini bilsa-da, yuragida qoʻrquv hissi boʻlmagan.
– Dastlab Kuybishev shahrida 43-harbiy bilim yurtida serjantlikka oʻqitishdi, – deya xotirlaydi bobo. – Jangga kirayotganimda doimo yurtimga sogʻ-salomat, yorugʻ yuz bilan qaytaman, deb oʻylardim. Bizni 1- va 2-Ukraina frontiga olib borishdi. Ukraina frontidagi 164-artilleriya polkida minomyotchi boʻlib xizmat qildim. 1943-yillari Polsha va Chexoslavakiyani, 1944-yillari esa Xitoyning Manchjuriya viloyatini ozod etishda ishtirok etganman. Sharqiy frontdagi 164-artilleriya polkida aloqachi boʻlib jang qilayotganimda nimadir boʻlib, beixtiyor koʻpchilikdan chamasi 150 metr orqada qolib ketibman. Aksiga olib oʻsha paytda 10 daqiqaga aloqa vositasi ishlamay qoladi. Shunda komandir bilan simning uzilgan joyini topib, ulashga muvaffaq boʻldim. Tepadan otilayotgan oʻqlar esa goʻyo yomgʻir yogʻayotganga oʻxshardi. Urushda bunday voqealar koʻp boʻlgan. Toʻgʻrisi, Yaratganning marhamati bilan omon qolganman. Mana Vatanimga qaytib keldim. Bugun yuz yosh bilan yuzlashib turibman-da, bolam.
Bekseit boboning aytishicha, har qanday yomon narsaning ham bir yaxshi tomoni boʻlarkan. U urushda rus va ozgina boʻlsa-da, nemis tilini oʻrgangan. Ular koʻp marotaba dushmanlar qurshovida qolgan. Oziq-ovqat va oʻq-dori yetishmovchiligi ham koʻp boʻlgan. Bugun urush yoshlarning koʻz oʻngida kinolarda koʻrgan lavhalar, kitoblarda voqealar kabi gavdalanadi. Aslida, undan dahshatliroq. Buni taʼriflab boʻlmaydi.
Bekseit ota Baymurzayev urushdan qaytgach, maorif sohasida turli vazifalarda ishladi. Oʻqituvchi, uzoq yillar maktab direktori, mahalla raisi lavozimlarida mehnat qildi. Bekseit ota turmush oʻrtogʻi Guloyim Zayilova bilan toʻrt farzandni tarbiya qildi. Hozir ularning hammasi uyli-joyli.