Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekor bo‘layotgan sud qarorlari, rad qilinayotgan asossiz ayblovlar uchun javobgarlik bormi? 
14:14 / 2024-02-20

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudida respublika sudlarining 2023 yilda odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyati hamda sud tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha kelgusidagi vazifalar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini sud orqali himoyalash borasida qilinayotgan ishlar, sohadagi islohotlar haqida ma’lumot berildi. 

Odamlarning joylarda sudma-sud sarson bo‘lib yurishlariga barham berish maqsadida sud qarorlarini qayta ko‘rish instituti tubdan takomillashtirilib, ishlarni ko‘rishning o‘ta markazlashtirilishiga barham berilgani qayd etildi. O‘rta bo‘g‘in sudlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish mexanizmi yaratildi. Natijada fuqarolarning sud himoyasida bo‘lish va sudga shikoyat qilish huquqlari kafolatlari yanada oshirildi. 

Odil sudlov sifatini oshirish, sudlar faoliyati hamda sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan o‘tgan yilda 5 ta qonun, 2 ta farmon va boshqa normativ hujjatlar qabul qilindi. 

Oliy sud kassatsiya instansiyasida shikoyat (protest) asosida jami 13 ming 571 ish ko‘rib tamomlangan. 

Ushbu instansiyada jinoyat ishlari bo‘yicha quyi sudlarning 1 ming 143 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan, 509 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 421 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qaror bekor qilingan, 186 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan qarorlar o‘zgartirilgan. 

Ommaviy-huquqiy ishlar bo‘yicha 321 tasi bekor qilingan va 3 tasi o‘zgartirilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha 486 ta sud qarori bekor qilingan bo‘lsa, 164 tasi o‘zgartirilgan. Iqtisodiy ishlar bo‘yicha esa 485 tasi bekor qilingan, 133 tasi o‘zgartirilgan. 

[gallery-16046]

Takroriy kassatsiya instansiyasida jami 646 ta ish ko‘rilgan bo‘lib, ularning 402 tasi jinoyat, 22 tasi ma’muriy huquqbuzarlik, 62 tasi ommaviy-huquqiy, 65 tasi fuqarolik va 95 tasi iqtisodiy ishlarga taalluqlidir. Ushbu instansiyada jinoyat ishlari bo‘yicha 288 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan, 121 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirilgan, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha 22 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari bekor qilingan, 1 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarori o‘zgartirilgan. 

Ommaviy-huquqiy ishlar bo‘yicha 42 tasi bekor qilingan, 1 tasi o‘zgartirilgan, fuqarolik ishlari bo‘yicha 42 tasi bekor qilingan, 4 tasi o‘zgartirilgan, iqtisodiy ishlar bo‘yicha 77 tasi bekor qilingan va 9 tasi o‘zgartirilgan. 

Matbuot anjumanining savol-javoblar qismida O‘zA muxbirining bekor bo‘layotgan sud qarorlari, rad qilinayotgan asossiz ayblovlar uchun javobgarlik bormi, degan savoliga Oliy sud raisi o‘rinbosari I.Muslimov javob berdi: 

– Har bir sud bosqichiga ish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilish mas’uliyati sudyaga yuklanadi, albatta. Buning qonuniy asoslari mustahkamlandi. Ya’ni, o‘rta bo‘g‘in hisoblangan viloyat sudlariga yetarli vakolatlar berilishi bilan birga, katta mas’uliyat ham yuklandi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarni qiynab kelayotgan sud qarorlarini qayta-qayta bekor qilish amaliyotiga chek qo‘yishga zamin yaratmoqda. Lekin, haqiqatan, hali quyi sud qarorlarining bekor qilinishi uchrab turibdi. Bunday holatlar bo‘yicha xatolar tahlil qilib boriladi. Bunda, qasddan noto‘g‘ri qaror chiqarilganda, albatta, sudyaga javobgarlik qo‘llaniladi. Sudyaga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha keyinchalik qaror bekor bo‘lishi yoki o‘zgartirilishi ham mumkin. Sudyaning malakasi yetishmagan holatlarda ular malaka oshirish kurslarida qayta o‘qitiladi.

Asossiz ayblovlarga keladigan bo‘lsak, bunda sud uni nafaqat rad qiladi va bu haqda tergov organlari rahbarlariga ma’lum qiladi. Asossiz ayblovni ilgari surgan tergovchiga chora ko‘rish uning rahbarining vakolatiga kiradi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, rad etilayotgan ayblovlar prokuratura, ichki ishlar, xavfsizlik xizmati organlari tomonidan kiritilgan ayblovlarni tashkil etadi. 

Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javoblar oldi. 

Norgul Abduraimova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA muxbiri