Qaror va ijro
Bekobod tumani hududidagi Sirdaryo daryosi ustidan o‘tuvchi 200 metr uzunlikdagi yangi ko‘prik, unga tutash 6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li foydalanishga topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali ochilish marosimida Prezident Administratsiyasi mas’ul xodimlari, Toshkent viloyati faollari, tuman jamoatchiligi, nuroniylar va yoshlar, quruvchi bunyodkorlar, soha mutasaddilari, jurnalistlar va keng jamoatchilik qatnashdi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining alohida e’tibori, hukumatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan loyiha qisqa qurib bitkazildi. So‘zga chiqqanlar barchani samimiy qutlab, yil sayin joylarda aholi farovonligini ta’minlash, joylarda qulayliklar yaratish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z samarasini berayotganini alohida aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, Bekobod tumani Do‘stlik va Yangiovul mahallalari hududlarini bog‘lovchi Sirdaryo daryosi ustidan ko‘prik qurilish ishlariga 1989 yilda ruxsat berilib, 1991 yilga borib to‘xtab qolgan.
[gallery-26017]
– Ko‘p yillik orzularimiz amalga oshdi, – deydi Yangiovul mahallasida istiqomat qiluvchi Tohir ota Yangiboyev. – Avvallari tumanimiz markaziga borish uchun Bekobod shahriga borish kerak bo‘lar edi. Bu ortiqcha vaqt va xarajatlarni talab qilardi. Endi esa barchasi yaxshi, xursandmiz.
Ushbu ko‘prik qurilish ishlari oradan 35 yil o‘tib, Prezidentimizning 2025 yil 24 iyuldagi tegishli qarori asosida qayta boshlandi. Loyiha qiymati 72 milliard so‘m bo‘lib, ko‘prikning uzunligi 200 metr, yo‘l qismining uzunligi 6 kilometrni tashkil etadi. Muhimi bu tashabbus xalq hayotini o‘zgartirayotgan, yuzlab, minglab insonlar taqdiriga yorug‘lik olib kirayotgan, umidni qayta tiriltirayotgan loyihadir.
Tajribali mutaxassislar qurilishning har bir jihatini puxta o‘rganib, ishlar zamonaviy texnikalar yordamida amalga oshirildi. Mustahkam temir-beton poydevorlar bosqichma-bosqich barpo etildi. Yer osti yo‘l o‘tkazgichi poydevorlaridagi qurilish ishlari 100 dan ortiq tajribali mutaxassis va 20 dan ziyod zamonaviy texnika ishtirokida olib borildi.
Avtomobil yo‘lida yer ishlari, asosiy qurilish ishlari, suv qochirish lotoklarini o‘rnatish, tungi yoritish chiroqlarini joylashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moslashtirilgan piyodalar yo‘lagini qurish hamda yo‘lning gabaritini kengaytirish ishlari amalga oshirildi.
Shu bilan birga, yo‘lning 1,4 kilometr qismida 2 tasmali avtomobil yo‘li 4 tasmali yo‘lga aylantirilib, asfalt yotqizish ishlari bajarildi.
Bajarilgan ishlar natijasida harakat jadalligi sezilarli darajada oshdi. Bir sutkadagi avtomobil harakati soni 2 mingtadan 14 mingtagacha yetdi, ya’ni 7 barobar ko‘paydi.
Shuningdek, 200 metr uzunlikdagi ko‘prik va unga tutash 6 kilometr uzunlikdagi avtomobil yo‘li qurilishini o‘z ichiga olgan ushbu ob’ekt foydalanishga topshirilishi bilan mazkur hudud aholisini uzoq yillar davomida qiynab kelgan muammo bartaraf etildi. Ya’ni, Bekobod tumanidagi Do‘stlik va Yangiovul mahallalarini markaz bilan bog‘lovchi avtomobil yo‘li 44 kilometrga qisqartirilishiga erishildi.
Tadbir davomida “Do‘stlik” MFYning yangi binosi foydalanishga topshirildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida avtomobil yo‘li bo‘ylariga manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi.
Endilikda zamonaviy ko‘prik mahalliy aholi va mehmonlarning ancha vaqtini tejaydi. Qolaversa, avtoulovlar qulay harakatlanishiga xizmat qiladi.
Ko‘prikning tantanali ochilish marosimida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev so‘zga chiqdi.
A. Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari