Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekobodlik “temir xotin” fermerlikda katta maktab yaratdi
15:01 / 2026-03-10

Toshkent viloyati mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida o‘z tajribasi va salohiyatiga ega bo‘lgan hududlardan biri bo‘lib, salmoqli mehnat qilayotgan fermerlar, ustoz maqomiga erishgan mirishkor dehqonlar va bog‘bonlar juda ko‘p.

Bekobodlik Narziniso opa Boqiyeva ham ana shunday yilning to‘rt faslida ham dalasi bilan tillashadigan, yer uning dardini tinglaydigan fermerlardan. U har qarich tuproqni bolasidek asrab-avaylaydi.  

Qahramonimiz 2001-yilgacha 20 gektar yerda brigada tizimida ish olib boradi. 2008-yilda optimallashtirishdan so‘ng xo‘jalik maydoni 84 gektarga yetadi. Hozir fermer xo‘jaligidagi 40 gektar yerda g‘alla yetishtirsa, qolganini paxtaga ajratgan. G‘alla o‘rimi mavsumida u viloyatda birinchilardan bo‘lib yuqori hosil oladi. Narziniso opa yerni “temir intizom” bilan parvarishlaydi. Balki shunga bo‘lsa kerak uni xalq orasida "temir xotin" deb, aytishadi. Shogirdlari esa doimo undan maslahat olib turadi.  

Prezidentimizning  “8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, yurtimizda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faol ishtiroki, fidokorona mehnati hamda Vatan ravnaqi yo‘lidagi munosib hissasi e’tirof etildi.

Mazkur farmonga asosan, turli sohalarda samarali faoliyat yuritib kelayotgan Toshkent viloyatining ham bir guruh xotin-qizlari davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Ular orasida Bekobod tumanidagi "Boqiyeva Narziniso" fermer xo‘jaligi boshlig‘i Narziniso Boqiyeva ham "Do‘stlik" ordeni bilan taqdirlandi.

— Bayram arafasida davlatimiz rahbarining shunday yuksak e’tirofiga munosib ko‘rilganimdan juda xursand bo‘ldim, — deydi N.Boqiyeva. — Tuman hokimligidan shu xabar haqida telefon orqali aytishganida o‘tgan yillar davomidagi mehnatlarim ko‘z oldimdan o‘tdi. Charchoqlarim tarqab ketgandek bo‘ldi. Men deyarli 40 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida ishlayman. Hududimizda men kabi ko‘plab ayollar bor. Bu davlat mukofoti ularga ham berilgan e’tibor namunasidir. Joriy yilda ham yanada mas’uliyat bilan ishni tashkil qilamiz. Ayniqsa, paxtachilikda Xitoy texnologiyasi asosida yangi navlarni dalalarga ekishni reja qilganmiz.  

Narziniso opaning hayot yo‘li oson kechmagan. Oilasidan ortib, ish faoliyatidagi yutuqlari ortidan hozirgacha “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi fidoyisi”, “Ilg‘or fermer”, “Mo‘’tabar ayol” kabi ko‘krak nishonlari sohibi bo‘ldi. Ammo u olgan eng katta mukofot xalqning hurmatidir.

A. Musayev, O‘zA