Bekobod shahrida “Metallurg” futbol klubi rasmiy ravishda qayta tashkil etildi.
Bu haqda Bekobod shahrida o‘tkazilgan tantanali tadbirda ma’lum qilindi. Unda “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi Bahodir Abdullayev, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, futbol faxriylari, klub mas’ullari, murabbiylar va keng jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Dastlab so‘zga chiqqan “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi B.Abdullayev, mazkur jamoaning tarixi va mamlakat futbolidagi o‘rni, qayta tashkil etilishining strategik ahamiyati haqida aytib o‘tdi. Xususan, “Metallurg”ning nafaqat shahar, balki butun O‘zbekiston sportida o‘rni katta. Shu tufayli kombinat ishchilari va hudud aholisi o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazib, mazkur futbol klubning faoliyatini qayta tashkil etish borasida ijobiy fikrlar olindi. Shu sabab ham katta turtki bo‘ldi.
[gallery-27280]
Tadbirda, shuningdek, klubning yangi bosh direktori Ulug‘bek Mirzayev va bosh murabbiy lavozimiga esa Ilhom Mo‘minjonov tayinlangani e’lon qilindi. U jamoa tarkibi va futbolchilarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z maqsad va vazifalarini bayon qildi. Uning boshqaruvida jamoa Pro-liga darajasida qatnashini va barqaror natijalarga erishishi rejalashtirilgani aytildi. Yangi murabbiy yosh futbolchilarni tarbiyalash va professional muhitni mustahkamlashga alohida e’tibor berishini ta’kidladi.
— Muhimi, qayta tashkil etilgan “Metallurg” klubi faoliyatida nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro maydonda tanilgan iste’dodli futbolchilar yetishib chiqishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, jamoa tarkibida strategik rivojlanish, legioner futbolchilar bilan ishlash va sport infratuzilmasini yanada kuchaytirish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqilgan, — deydi “Metallurg” futbol klubi bosh murabbiyi Ilhom Mo‘minjonov.
Ma’lumot uchun, “Metallurg” futbol klubi 1945 yilda tashkil etilgan bo‘lib, O‘zbekiston futbolida ko‘p yillik tarix va tajribani mujassam etgan professional jamoa hisoblanadi. Klub yillar davomida Superliga va birinchi liga musobaqalarida ishtirok etib, Bekobod shahrining sport madaniyatida muhim o‘rin egalladi. 2002 yilda Superligada qo‘lga kiritilgan beshinchi o‘rin jamoaning eng barqaror va samarali davrlaridan biri sifatida tarixga kirib qoldi.
O‘tgan davrda “Metallurg” nafaqat o‘z muxlislari orasida, balki butun mamlakat futbol jamoatchiligi orasida hurmat qozondi va ko‘plab yosh futbolchilarni yetishtirishga hissa qo‘shdi. So‘nggi yillarda yuzaga kelgan tashkiliy va moliyaviy holatlar tufayli klub faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shu bilan birga, “Metallurg” nomi, uning tarixi va an’analari o‘z ahamiyatini yo‘qotmadi hamda jamoani qayta tiklash zarurati jiddiy mavzu sifatida saqlanib qoldi.
Tadbirda “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisi B.Abdullayev va kombinatning faxriylar kengashi rahbari A.Farmonovga maxsus futbolka topshirildi. Shundan so‘ng ramziy ravishda “Metallurg” futbol klubi faoliyatini rasman boshlangani e’lon qilindi.
Yakunda ommaviy axborot vositalari uchun matbuot anjumani tashkil etildi va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berildi.
A. Musayev, A. Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari