English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekobodda ilm, ma’naviyat va hayot tajribasi uyg‘unlashgan anjuman o‘tkazildi
12:05 / 2025-10-06

Toshkent viloyatining Bekobod tumanida “Hayotimiz fayzi – ustozlar bilan” mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Tuman hokimi Z.Nizomiddinov tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda mamlakatimiz ilm-fan va ta’lim sohasida katta obro‘ga ega olimlar, mahalla yoshlar yetakchilari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, o‘qituvchilar, davlat tashkilotlari xodimlari va keng jamoatchilik vakillari ham tashrif buyurishdi.

Uchrashuv samarali muloqot, hayotiy misollar va falsafiy mulohazalarga boy bo‘ldi. Professor Halimboy Boboyev so‘zga chiqib, inson huquqi va burchi, ma’naviy va moddiy dunyo o‘rtasidagi muvozanat haqida fikr yuritdi:

“Huquq va burch — tanganing ikki tomoni. Yangi O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Agar har kim o‘z sohasida sidqidildan mehnat qilsa, mamlakatimiz tez rivojlanadi. Yoshlar ma’naviy va moddiy dunyoning muvozanatiga erishsa, bu haqiqiy saodatdir” dedi, u.

Professor Halimboy Boboyev shuningdek, ota-onaga mehr va ustoz-shogird an’analarini qadrlashning ahamiyati haqida ham samimiy fikrlarni bildirdi.

Akademik Shuhrat Sirojiddinov esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning chuqur ma’naviy asosi borasida to‘xtalib, bugun xalq bilan muloqot davlat siyosati markaziga aylangani, Prezidentimizning bunyodkorlik siyosati bilan mamlakatimiz tahlikali zamonda ham taraqqiyot yo‘lini tanlagani, shu bilan birgalikda, “Uchinchi Renessans” g‘oyasi bugun yoshlar orzusiga aylanib, ular ilm, fan va yangilik sari intilayotganini faxr bilan tilga oldi.

Olimning ta’kidlashicha, chegaralardagi muammolarning hal qilinishi va integratsiya siyosati mamlakatda tinchlik va barqarorlikning asosiy kafolatiga aylangan.

Tadbirda olimlar shuningdek, ma’naviy inqirozlarning ildizi oilaviy munosabatlarda ekani, yoshlar o‘rtasida psixologik madaniyatni oshirish haqidagi bilimlarni tizimli o‘qitish zarurligini, iqtisodiy barqarorlikning ma’naviy yuksalishdagi o‘rni beqiyos ekanligi ta’kidlandi.  

Ularning so‘zlariga ko‘ra, haqiqiy taraqqiyot inson qalbidagi soflik va Vatanga sadoqat tuyg‘usidan boshlanadi.

Shu tariqa Bekobodda bo‘lib o‘tgan mazkur anjuman nafaqat ilm va ma’naviyat ahlini bir maydonga jamladi, balki qalblar uchun kuchli ruhiy quvvat baxsh etdi.

Tadbir yakunida faol ishtirokchilar va eng yaxshi savollarni yo‘llagan yoshlarga  akademiklar shaxsiy imzosi bilan 100 dan ortiq kitob tuhfa etildi.

Ustozlar so‘zidan ilhom olgan yoshlar yana bir bor angladilarki, chinakam rivojlanish, avvalo qalbdan boshlanadi.  

M.Eshmirzayeva, O‘zA