Bekobod yurtimizning xushmanzara joyi. Atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan, havosi toza, odamlari mehnatkash.
Zulfiya Abduraimova ana shu mehnatkash elning tanti farzandi. Ayol bo‘lishiga qaramay 30 yillik dehqonchilik hadisini olib, bugun hududda birinchilardan paxta terimiga kirishdi. O‘z vaqtida bajarilgan agrotexnik tadbirlar, paxtaning xorij navi, qolaversa toshloq tuproq o‘z samarasini berdi. Bugun dalasida paxta qiyg‘os ochilgan, shu mahallaning mehnatkashlari uchun bu quvonchli xabar va risq-nasiba. Hosil cho‘g‘i balandligi bois har terimchilar kuniga 100-150 kilogrammdan paxta topshirib, shu yerning o‘zida kilogrammiga 2 ming so‘mdan pulini sanab olmoqdalar. Albatta bu mavsumiy ish, lekin har kuni oilalari bilan uylari atrofida mehnat qilib, bir mavsumda odam boshiga 8-10 million so‘m daromad topish yomon natija emas.
Zulfiya opa joriy mavsumda 30 gektarlik paxta dalasiga Xitoy g‘o‘za navini joylashtirib, adashmadi. Avvalo, har yili qiynab kelgan ko‘sak qurtidan qutildi, biotexnologiyalarga ko‘proq urg‘u berdi. Qo‘l mehnati kamaydi, fermer daromadi oshdi. Yon-atrofdagi mahallaning 100 nafar fuqarosi mavsumiy ish bilan band bo‘ldi. Ishchilar kuniga o‘rtacha 300 ming so‘mdan daromad topishmoqda.
Toshkent viloyatida erta bahorda jami 72 ming gektardan ziyod maydonda istiqbolli, hosildorligi yuqori bo‘lgan mahalliy va xorijiy g‘o‘za urug‘lari qadalgan. Bugun ular birin-ketin terimga tayyor bo‘lmoqda. Birgina Bekobod tumaniga bu yil 11ta yuqori unumdor paxta terish kombaynlari keltirildi.
Ishchi kuchi yetishmagan joylarda mashina terimiga ko‘proq urg‘u beriladi. Maqsad dehqonlarimizning mehnatini yuzaga chiqarib, yog‘ingarchiliklar oldidan paxtani yuqori navlarda qabul qilish,
fermerlarimizning daromadlarini ko‘paytirishdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/EMM8Skas-zc" title="Bekobodda birinchi terim boshlandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov,
Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA