Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekobod tumanida yangi taraqqiyot boshlandi
09:16 / 2025-08-26

Asrlarga tatigulik buyuk e’tibor

Har kuni tong salqinida uch-to‘rt nuroniy qizil-sariq rangli, pishiq-puxta qurilgan piyodalar yo‘lakchasiga tushib olib, “Dalvarzin” dahasidan to tuman markazigacha borib-qaytib, dildan suhbatlashishni odat qildik. Ilgari mashinalarning tig‘iz harakatidan cho‘chib, chang bosgan tutqator tagidan – tuproq kechib yurishga majbur edik. Chang yo‘lda sayr qilish kimga yoqardi... Shungami, nahorgi oshdanmi, biron yumushdanmi qaytardig-u, hammamiz tezgina xayrlashib uy-uyimizga kirib ketardik. Hozir esa, tong shabadasida, xavfsiz va keng-mo‘l yo‘lakchadan yurib, gurungimiz qizigandan-qizib, besh-olti kilometr masofani qanday bosib o‘tganimizni bilmay qolamiz.

Inson bolasi yaxshi sharoitga tez ko‘nikadi, xuddi avvaldan hammasi shunday turgandek, sanab sanog‘iga yetib bo‘lmas yangilanishlar oldindan hayotimizda bo‘lgandek, ortdagi voqealarni oson unutadi. Ammo, insof bilan aytganda, bu qulayliklar yaratilguncha, xalqning buguni kechagi kunidan yaxshi bo‘lguncha, qancha odamning sochi oqarganini, kun-u tun orom bilmay zahmat chekkanini hech qachon esdan chiqarmaslik kerak.

Hali aytganimizdek, “Dalvarzin”dan tuman markazi hisoblangan Zafar shaharchasiga yetib borarkanmiz, katta chorrahada bizlarni samimiy tabassum bilan Davlat Rahbari kutib oladilar. Bu mubolag‘a emas! Chunki shu chorrahaga o‘rnatilgan ulkan suratda muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev butun Bekobod tumani ahliga qarab, “Men sizlar bilan doim birgaman, barcha amalga oshirayotgan ezgu ishlaringizni hamisha kuzatib turibman!” degandek o‘tkir nigoh va betakror tabassum bilan boqib turadilar. 

To‘g‘risi, bu samimiy tabassumni ko‘rish nafaqat bizlarga, balki butun tumanimiz xalqiga ham kuch, ham ishonch, ham mador, ham iftixor bag‘ishlaydi.

Yoshi ulug‘lar yaxshi eslaymiz, muhtaram Prezidentimiz Bosh vazir bo‘lib ishlab yurgan kezlarida Bekobod tumaniga juda ko‘p kelganlar. Bu yerning har bir qarichini, har bir konturni, odamlarining fe’l-atvorini, hududning o‘ziga xos tabiatini bizdan ham ko‘ra yaxshiroq biladilar. U “Achamayli” yo “Xos” mahallasi bo‘ladimi, “Dalvarzin” yo “Qolg‘onsir” mahallasimi, xullas, 51 ta mahallaning hammasini qadamma-qadam borib ko‘rganlar, odamlarni eski qadrdondek yonlariga olib suhbatlashganlar, hududning eng og‘ir nuqtalarini shaxsan o‘zlari o‘rganib, muammolarga doim yechim topganlar. 

Tojikiston bilan 86 kilometr chegarani piyoda yurib, sarhadlarni mustahkamlash, chegaradagi xonadonlarni ko‘chirish va ularni uy-joy bilan ta’minlash ishlariga shaxsan o‘zlari bosh-qosh bo‘lganlar. Bularni unutib bo‘ladimi axir?

U paytlarda qo‘shnilardan suv olishning naqadar og‘irligini hozir eslasak, buning uchun u kishi qanchalar mashaqqat chekkanlarini chuqur his qilamiz. Lekin biz keksalar u kishining cho‘lli hududlarimizga, ayniqsa bekobodliklarga mehri o‘zgacha ekanligini hamisha sezib turardik. 

Shu kunlarda, Davlatimiz Rahbarining bizlarga g‘amxo‘rlik va e’tiborlarining oliy namunasi sifatida Bekobod tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha tarixiy qarorlaridan hammamiz, tumanda yashayotgan yosh-u qari birdek ruhlanib yuribmiz. Eski zamonlar-ku mayli, ammo yaqin-yaqingacha ham tuzukroq e’tibor ko‘rmagan, qoloq tuman deb qarab kelingan, poytaxtdan yuz chaqirimgina berida bo‘lsa ham, rivojlanishdan ancha ortda qolib ketgan bir hududga shuncha mehr, shuncha e’tibor, buyog‘ini ham dangal aytganda, shuncha mablag‘ni kim beribdi, deysiz?

Shu qaror sabab butun Bekobod tumani ulkan qurilish-bunyodkorlik maydoniga aylanib, hali sayilgohlar, hali sport majmualari, bog‘chayu maktablar qurila boshlansa, bir tomonda yetti ajdodimiz ham ko‘rmagan, ularga faqat orzu bo‘lib qolgan oqova suv tarmoqlari tortilsa, asfalt bo‘lmagan ko‘chayu yo‘llar qolmasa, minglab eskirgan simyog‘ochlar to‘liq yangi beton ustunlarga almashtirilayotgan bo‘lsa, ochig‘i, aqling shoshib qolar ekan. 

Ilgari deng, televizordan qaysidir joyda baland bino-imoratlar ko‘tarilganini ko‘rsatishsa, yuragimiz bir orziqib qo‘yardi. “Ha, endi ko‘rkam va baland inshootlar markazlar uchun-da, bizning chekka tumanga kim qo‘yibdi...” deb o‘zimizni ham ovutardik, ham sovutardik. 

Endi naq tuman markaziga “Yangi Bekobod siti” massivi tusharmish, shu yerda yigirma ming aholi uchun uy-joydan tortib, guzaru sport komplekslari, sayilgohlaru suv havzalari, yoshlar markaziyu maktab va bog‘chalar qurilarmish, degan ovozani eshitib lol qoldik. Allaqachon mutaxassislar va arxitektorlar loyihalash ishlarini qizg‘in boshlab yuborishdi ham.

To‘g‘ri, Sirdaryomiz bor edi, tumanimizning qoq o‘rtasidan oqib o‘tardi. Ammo gapning indallosini aytganda, oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q ekan-da. Biz uchun hozirgacha ovloq va qamish bosib yotgan daryo sohillari oddiy hol edi, nari borsa nabiralarimiz mol-qo‘y boqardi. Endi esa, shu sohillarga katta kuch va moliyaviy manbalar yo‘naltirib, 300 o‘rinli bolalar oromgohi, dam olish maskanlari, daryobo‘yi sayilgohlari kabi o‘nlab yangi inshootlar barpo etilishi butun xalqimizning ruhiyatiga malham bo‘lmoqda. 

Ming afsuski, u chekkasidan bu chekkasigacha 100 kilometrdan ziyod, aholisi 170 mingdan ortiq hududda hozirgacha bironta bozor yo‘q edi. Odamlarning xohish-istaklarini inobatga olib, ushbu qaror bilan bira to‘la ikkita zamonaviy tipdagi bozorlar barpo etilishi xalqimiz uchun chinakam xursandchilik bo‘ldi.

Bosqichma-bosqich bunyod etilayotgan, barcha sharoitlarga ega mahalla guzarlari, olis va chekka mahallalargacha avtobus qatnovlarining muntazam yo‘lga qo‘yilayotgani tumanimizda haqiqatda xalqni rozi qilish va inson qadrini ulug‘lash bo‘yicha tizimli va amaliy ishlar boshlanganini ko‘rsatadi.

Shu o‘rinda yana bir armonimiz orzuga aylanib, orzuimiz reallikka ko‘chib, bundan 40 yil avval loyihasi chizilib, ish boshlab keyin tashlab qo‘yilgan Sirdaryo ustidagi ko‘prikni aytmasak bo‘lmaydi. Davlatimiz Rahbarining eng olis va chekka hududlardagi xalqni qiynaydigan eng nozik muammolarni ham bilishlariga qoyil qolmay iloj yo‘q. Ular imzolagan qarorda bu masala aks etishi bilan, aholimizning esidan ham chiqib ketgan, orzu ham qilmay qo‘ygan o‘sha ko‘prik va unga tutash 
6 kilometr yo‘l jadal sur’atlarda qurila boshlandi. 

Ko‘prik bo‘lsa ko‘prik-da, deyishingiz mumkin, ammo bu xalqimiz uchun g‘oyat qadrli inshootdir. Nega deysizmi? Tumandagi 170 mingdan ziyod aholining 7 ta mahallada yashovchi qariyb qirq ming nafari Sirdaryoning narigi tomonida yashaydi. Tuman markaziga ish bilanmi, to‘ygami, bozor-o‘chargami kelsa, oltmish-yetmish kilometr yo‘l bosib, Bekobod shahri ichidan aylanib o‘tilardi. Yaqin fursatlarda ushbu ko‘prik foydalanishga topshirilsa, tuman markazi bilan masofa ikki barobar qisqaradi, odamlarning qancha vaqti va mablag‘i, asabi tejaladi, ilgari ota-onasini, aka-ukasini, quda-andasini bir oyda ko‘rgani keladiganlar endi har hafta kelaveradi, ko‘ngillar yaqinlashadi, mehrlar tutashadi...

Tumanimiz tashkil topganiga kelasi yil roppa-rosa yuz yil to‘ladi. Ammo bu maskanda azaldan ota-bobolarimiz ming yillardan beri yashab, ziroat va chorvachilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanib kelganlar.

 Bunga, tarixi o‘n asrga borib taqaladigan “Buzruk ota”, “Temiratki ota”, “Qizil machit” kabi muqaddas qadamjolarimiz, qadimiy “Darvarzin” mavzesi guvohlik beradi. Bobur Mirzo ham bu go‘shani “Boburnoma”da ikki bor qayd etib, ta’rifini keltirganlar. Bekobodliklar ham xuddi shu aziz va mo‘’tabar maskanlar singari yillar shamolida toblanib, fe’lu atvori sayqallanib kelmoqda.

Bugun zamon shiddat bilan kechmoqda. Zamonaviy kasb va ilmlarni egallashni davrning o‘zi taqozo qilmoqda. Biz ketmon chopgan bo‘lsak, yangi avlod ilg‘or texnologiyalar bilan ishlamoqda. Tushimizga ham kirmagan tezkorlik bilan dunyoga bog‘lanmoqda. Nevaralarga “Ay-Ti” nima deb so‘rasak, “Eh, bobojon, soddasiz-da, bu ilg‘or axborot texnologiyasi”, deydi. Biz nuroniylar “ha” deb qo‘yamiz ularning qo‘lidagi shapaloqday telefonlariga qarab.

Qarorda tuman markazida “Ay-Ti” markazi barpo etilib, u yerda yuzlab yoshlar o‘zi yaratgan zamonaviy texnologiya mahsulotlarini, dasturlarini va xizmatlarini dunyoga sotishi mumkin ekan.

Ammo bizning quvonganimiz undan ham yaxshiroq sabab uchun, ya’ni mana shu yangilanishlar tufayli ko‘chada bekor sang‘ib yurgan yoshlar deyarli qolmadi. Hammasi yo kasb-hunar egallash, yoki til o‘rganish bilan mashg‘ul. Buning ortida esa, muntazam va halol daromad, oilalardagi farovon hayot, mahallalarda jinoyatlar kamayishi, yoshlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortishi, oilalar mustahkam bo‘lishi kabi ko‘plab ijtimoiy masalalar ham o‘z-o‘zidan hal bo‘laveradi.

Muhtaram Yurtboshimiz tomonlaridan qarorda bejiz tumanni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish to‘g‘risida zaruriy ko‘rsatmalar berilmagan. 

Aholini tadbirkorlikka jalb qilish, shuningdek, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohasida yangi ishga tushayotgan loyihalarda ish o‘rinlari yaratish, buning natijasida odamlarimizni, ayniqsa yoshlarni doimiy daromad bilan ta’minlash ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Chunki mehnat va ilm bilan band bo‘lgan, ish bilan ta’minlangan, ertasiga mustahkam ishonchi bo‘lgan yoshlardan hech qachon yomonlik chiqmaydi, dasturxoni to‘kin, ro‘zg‘ori butun bo‘ladi. Qut-baraka arimaydi.

Shu o‘rinda, odamlarni yerga bo‘lgan munosabati ham o‘zgardi. Hozirga qadar unumdorligi past yerlarga paxta va g‘alla ekilaverardi. Hosil esa, kutilgandek bo‘lmasdi. Endi qarorda ko‘zda tutilgandek, 6,8 ming gektar maydonda paxta va g‘allani qisqartirib, bog‘ yaratish, kartoshkachilik va sabzavotchilikka ixtisoslashtirishga ajratilishi ayni muddao bo‘ldi.

Aholiga o‘z tomorqalaridan unumli foydalanish uchun kerak sharoit yaratib berilmoqda. Shu kunlarda tumanimizga kelgan kishi odamlar mehnatidan yashnab turgan dalalarni va tomorqalarni ko‘rib bahri-dili ochiladi.

Shuncha yer maydonlari va imkoniyatlar bo‘laturib, hozirgacha hech kim parrandachilik bilan jiddiy shug‘ullanmasdi. Har biri 100-200 ming boshdan parranda boqishga, go‘sht va tuxum yetishtirishga ixtisoslashgan 3 ta kompleks qurilishi tumanning iqtisodiy salohiyatini oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Tumanda ketma-ket ochilayotgan qator bank ofislari bunday ishlarni amalga oshirish uchun xalqqa ko‘makchi va xayrixoh bo‘layotgani quvonarli. 

So‘nggi yillarda Yurtboshimizning qat’iy siyosiy irodalari bilan O‘zbekistonimiz dunyoga to‘liq ochildi, jahon hamjamiyati yurtimizga chinakam ishonch va do‘stlik ko‘zi bilan qaray boshladi. 

Ayniqsa, yaqin qo‘shnichilik munosabatlari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilib, qardosh va qondosh qo‘shni davlatlar bilan munosabatimiz tom ma’noda yaxshilandi. Strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Buni ayniqsa biz – chegara hududlarda yashaydigan aholi ko‘proq his qildik. Avvallari o‘zaro bordi-keldi, savdo-sotiq, do‘stlik-birodarlik bir qadar uzilib qolgan bo‘lsa, endilikda qo‘shnilarimiz bilan emin-erkin savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda uzoq vaqt uzilib qolgan rishtalar qayta bog‘landi. Buni barcha ko‘rib-bilib turibdi. 

Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Turkmanistonning oliy mukofoti – “Hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ordeni bilan mukofotlanganlarini ko‘rib, butun xalqimiz qatorida bizning ham qalbimiz tog‘day ko‘tarildi.

Bundan tashqari, donishmand Yurtboshimiz nafaqat xalqimizning, balki butun dunyodagi jafokash insonlarning ham tashvishini o‘ylab, jahon hamjamiyatiga oliy insoniylik namunasini ko‘rsatdilar. Kuni kecha urush va ziddiyatlarda benihoya aziyat chekayotgan Falastin xalqiga beminnat muruvvat qo‘lini cho‘zib, ularga har tomonlama ko‘mak berish bo‘yicha farmonni imzoladilar. Falastinliklarni yurtimizga olib kelib, ularga ijtimoiy, tibbiy, psixologik yordamlar ko‘rsatish, farzandlarini maktablarda o‘qitish, umuman, chinakam insoniylik tamoyillari bilan ularning dardiga sherik bo‘lish darkorligini yana bir bor barchaga uqtirdilar. Bu – tom ma’noda butun dunyo uchun insoniylik darsi bo‘ldi.

Bekobod tumanimiz qo‘shni Tojikiston Respublikasi bilan ozmas-ko‘pmas 86 kilometrlik chegarada tutash va yondoshdir. Bizning dalayu bog‘larimiz ularning tog‘u qirlari bilan tutashgan, bir-birimizga kaftdek namoyon. Shunday ekan, ming yillar bir osmon ostida ahil va inoq yashab kelgan jondosh ellarning asil qo‘shnichilik, chin birodarlik, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli munosabatlarini mustahkamlash faqat va faqat naf keltiradi. 

Buni juda to‘g‘ri his qilgan muhtaram Prezidentimiz mintaqadagi barcha mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunmovchiliklarga to‘la barham berdilar, do‘stlik va hamjihatlik ruhi kuchaymoqda, bordi-keldilar emin-erkin amalga oshirilmoqda.

Hududimizda joylashgan “Oybek” bojxona posti yonidagi 34 gektar maydonda erkin savdo zonasi va logistika markazi barpo etilayotgani ham ana shu iliq munosabatlarning yaqqol dalilidir.

Qariyb 400 gektar maydonda bunyod etilayotgan sanoat zonasining ta’rifi esa, o‘zi bir mavzu. Biz – Bekobod tumani ahli bundan benihoya xursandmiz, chunki buning o‘ziga xos sabablari bor, albatta. 

Birinchidan, uzoq yillar faqat qishloq xo‘jaligi bilan bog‘lanib qolgan tuman, va nihoyat, sanoatlashgan hududga aylana boshlaydi. Ikkinchidan, sanoat zonasida qad rostlayotgan turfa xil inshootlar tuman infratuzilmasi va qiyofasiga ijobiy tus beradi. Uchinchidan, bu yerda ishlab chiqarish va tadbirkorlik rivojlangan sari tuman, qolaversa viloyat va respublika iqtisodiyotiga munosib hissa qo‘shiladi. To‘rtinchidan, tumanga xorijiy investitsiya oqimi ko‘payadi. Nihoyat, beshinchidan, amalga oshirilayotgan yangi loyihalarda eng avvalo tuman aholisi, yoshlari, o‘zimizning qorako‘zlar mehnat qilishadi. Bu, minglab ishsizlar bandligi ta’minlanib, xonadonlarga qut-baraka kiradi, odamlarning yashash sharoitlari va daromadlari yanada yaxshilanib, ularning islohotlardan rozi bo‘lish hissi ortadi, degani.

Yaqin orada Toshkentdan Parkentga, Andijon markazidan Xonobod shahriga poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilganini eshitib, tumanlarga ham temiryo‘l tortsa bo‘larkan-da, deb o‘ylagandik. Hech qancha fursat o‘tmay, “Endi Bekobod tumanidan poytaxtga elektr poyezdlar yurarkan”, degan xushxabarni eshitdik. Qarorda o‘z aksini topgan ushbu masala hademay amalga oshsa, poytaxtga o‘qishga, ishga qiynalib qatnab yurgan, yozning jaziramasiyu qishning ayozida mashina kutib asabiylashgan odamlar uchun misli ko‘rilmagan qulaylik bo‘ladi.

To‘g‘risi, biz nuroniylar Muhtaram Prezidentimizni poytaxtdan Bekobodga poyezdda kelishlarini va u kishini temiryo‘l vokzalida kutib olishni qanchalar orzu qilganmiz. Inshoolloh, ushbu niyatimiz ham yaqin bir-ikki yilda amalga oshadi.

Xalqimiz uchun qulayliklarning navbatdagisi sog‘liqni saqlash sohasida amalga oshmoqda. O‘tgan uch oyda tuman tibbiyot birlashmasida yuragida tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolalarda noyob va murakkab jarrohlik amaliyotlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Hozirgacha faqat respublika darajasida amalga oshirib kelingan bunday operatsiyalar tumanda ham boshlangani muhtaram Prezidentimizning sog‘liqni saqlash tizimini aholiga yaqinlashtirish maqsadlariga to‘la mos keladi. Yaqinda tibbiyot birlashmamizda ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazi ochilgani, olis va chekka huddadlar aholisi uchun ham muntazam tibbiy ko‘riklar tashkil etilayotgani ushbu fikrimiz dalilidir.

Yana bir narsani quvonch bilan aytishimiz kerakki, tumanimizda har kuni adabiyot, san’at va kitobxonlik bayrami bo‘lmoqda. “Har maktabga 100 kitob” loyihasi doirasida poytaxtdan tashrif buyurgan taniqli shoir va yozuvchilar, el suygan san’atkorlar, olim va ziyolilar tumandagi 62 maktabga jami 6200 nomdagi kitoblar jamlanmasini tuhfa etdilar. Bu tadbirlar “Dolzarb 90 kun” loyihasi bilan hamohang tarzda o‘tayotgani uchun, katta adabiyot bayramiga, qizg‘in uchrashuvlarga ulanib ketmoqda. 

Bunday xayrli o‘zgarishlarning bari bizning qalbimizni tog‘day yuksaltiradi, ertangi kunga umidni, qalbimizdagi xotirjamlikni, dilimizdagi quvonchni yana oshiradi. 

Ijobiy yangilanishlarning sanab sanog‘iga yetolmaymiz. Kechqurun uyga kirib, tongda ko‘chaga chiqqunimizcha qaysidir bir mahallada, qaysidir muassasada yangilik sodir bo‘lyapti.

Oqshom qup-quruq turgan maydonlarda ertasiga yangi bir qurilish ishlari boshlanyapti. Bularning hammasi Bekobod tumani aholisi uchun bo‘layotgani, qaror ijrosi so‘zsiz ta’minlanayotganidan bag‘oyat shodmiz.

Shu bois ham, tumanning keksalari muhtaram Prezidentimizni duo qilayotgan bo‘lishsa, yoshlari o‘zlariga yaratilayotgan cheksiz sharoitlarni ko‘rib belni mahkam bog‘lamoqdalar. Rostdan ham, Bekobod tumani uchun, tuman ahli uchun chinakam yashash va mehnat qilish, mehnatlarining rohatini ko‘rish fursati keldi. 

G‘amxo‘r Yurtboshimiz shuncha sharoitlarni yaratib berib turganlarida, bizlar fidoyi mehnat qilmasak, qo‘lni qo‘lga, dilni dilga bog‘lab Vatan uchun, uning iqtisodiy qudrati uchun munosib hissa qo‘shmasak, fuqarolik burchimizga ham, vijdon amriga ham, muqaddas qadriyatlarimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

Tuman markazida barchamiz uchun aziz Prezidentimizning samimiy kulib turgan  siymolariga boqib, o‘zimizcha shunday va’da beramiz: “Siz bizlarga ishoning, muhtaram Prezident, tumanimizni gullab-yashnatish uchun hamisha sizdan kuch va qudrat olamiz. Bundan buyog‘iga Bekobod tumanidan ko‘nglingiz to‘q bo‘lsin! Siz bizlarga ulug‘ e’tibor qaratdingiz, biz butun tuman jamoatchiligi va xalqi sizga fidokorona mehnatimiz va chinakam sadoqatimiz bilan javob beramiz!”

Jalolxo‘ja Bo‘rixo‘jayev,

“Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi

Qosimjon Yoqubov,

O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibi

Gulchehra Risqulova,

Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, “Do‘stlik” ordeni sohibi “Qushtamg‘ali” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi