Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bekatlar bosqichma-bosqich vaqtincha yopilmoqda: metro liniyalari qayta qurilyaptimi?
11:14 / 2025-07-09

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri yer usti halqa yo‘lida joylashgan metro bekatlarining vaqtincha yopilishi bilan bog‘liq turli muhokamalar va savollar paydo bo‘ldi. Ayrim foydalanuvchilar ushbu holatni metropoliten yo‘nalishlarining sifatsiz qurilgani bilan bog‘lashga harakat qilmoqda. Xususan, "Qo‘yliq" bekati ham yopilgani haqidagi xabarlar fuqarolar orasida turli taxminlar bildirilishiga sabab bo‘ldi.

Aslida esa Toshkent metropoliteni ma’muriyati bu holat yuzasidan avvalroq rasmiy bayonot berib, barcha ishlar rejali profilaktik tadbirlar doirasida amalga oshirilayotganini ma’lum qilgan edi.  

Rasmiy bayonot: Nima bo‘lyapti?

"Toshkent metropoliteni" DUK matbuot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayevning ma’lum qilishicha, yer usti halqa yo‘lining “Texnopark – Qipchoq” bekatlari oralig‘ida joylashgan 14 ta bekat bir necha yildan buyon yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Jahon tajribasiga muvofiq, yangi qurilgan metro yo‘nalishlarida muayyan muddat ekspluatatsiya qilinganidan so‘ng, xavfsizlikni ta’minlash va xizmat sifatiga baho berish maqsadida profilaktik ishlar amalga oshirilishi kerak.

Shu munosabat bilan 2025 yilning 8 iyun sanasidan boshlab "Turon–Qipchoq" (13–14-bekatlar) bekatlari oralig‘ida, 28 iyun sanasidan esa "Quruvchilar–Yangiobod" (6–12-bekatlar) bekatlari oralig‘ida metro poyezdlari harakati vaqtincha to‘xtatilgan.

Noqulayliklarning oldini olish uchun metrobuslar tashkil etildi

Yo‘lovchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida ushbu vaqt mobaynida “Qipchoq–Yangiobod–Qipchoq” bekatlari yo‘nalishi bo‘ylab bepul harakatlanadigan katta sig‘imli metrobuslar tashkil etildi. 1M raqamli avtobuslar har kuni soat 05:00 dan 23:00 gacha qatnaydi va asosiy metro bekatlarini qamrab oladi.

Sifatsiz qurilish emas, balki rejali texnik ko‘rik

To‘ychi Mirzayevning ta’kidlashicha, bu ishlarning buzib qaytadan qurishga mutlaqo aloqasi yo‘q. Bu ishlardan maqsad metro liniyalarini texnik jihatdan to‘liq tekshirish, kichik kamchiliklarni bartaraf etish va xalqaro standartlarga muvofiq profilaktik xizmat ko‘rsatishdan iborat.

—Tekshiruv jarayonlari xalqaro ekspluatatsiya standartlariga muvofiq ravishda amalga oshiriladigan ish. Qayerda kamchilik bo‘lishi mumkinligi to‘liq tahlil qilinib, o‘z vaqtida bartaraf etiladi. Bu profilaktika ishi xavfsizlik va sifat talablarini ta’minlash uchun zarur, — deydi matbuot kotibi.

Hozirgi vaqtda poyezdlar harakati "Texnopark­–Yangiobod" bekatlari oralig‘ida tashkil etilmoqda va Yangiobod bekatidan Qipchoq bekatigacha 1M yo‘nalishli metroavtobuslar harakati yo‘lga qo‘yilgan.  

Toshkent metropolitenida amalga oshirilayotgan ishlar yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash, xizmat sifatini yanada yaxshilash maqsadida qilinayotganini eslatib o‘tamiz. Metro yo‘nalishlarining vaqtincha yopilishi haqidagi barcha ma’lumotlar rasmiy kanallarda e’lon qilingan bo‘lib, yo‘lovchilar oldindan ogohlantirilgan.

Shu kabi profilaktik ishlar esa bugungi va kelajakdagi xavfsiz va qulay qatnov uchun muhim bo‘lgan standart amaliyot.

M.Eshmirzayeva,

O‘zA