Zarafshon shahrida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi hamda Qurilish sohasi xodimlari kuni oldidan Navoiy kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlari uchun kapital ta’mirlangan zamonaviy temir yo‘l va avtobus bekati foydalanishga topshirildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, odamlarni rozi qilish, kombinat ishchi-xodimlariga munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligini ta’kidlashdi.


Ushbu bekatning foydalanishga topshirilishi esa mamlakatimizda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”, degan ezgu g‘oyani mujassam etgan mustaqillik shukuhi kezayotgan shu kunlarda kombinat jamoasiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Mazkur bekat beshta kutish zalidan iborat bo‘lib, yo‘lovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Jumladan, zallarda 270 o‘rinli yumshoq o‘tirg‘ichlar, televizor va konditsionerlar o‘rnatilgan.


– Bugun yangi bekatdan ishga yo‘l olmoqdamiz, – deydi Zarafshon mexanika-ta’mirlash zavodi chilangari To‘ymurod Fayziyev. – Bu yerda yo‘lovchilarga yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘rib, juda xursand bo‘ldik. Albatta, bu har tong har bir hamkasbimizga xushkayfiyat bag‘ishlashi tabiiy. Bundan sal avval yangi vagonlar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu g‘amxo‘rlik kombinat ma’muriyati, kasaba uyushmasi kengashining ishchi-xodimlarga bo‘lgan e’tiboridan dalolatdir.
Tadbirda ushbu bekat qurilishida faol ishtirok etgan Zarafshon qurilish boshqarmasining bir guruh quruvchilariga esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri