Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Behzod Musayev: Mamlakatimizda mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz
11:07 / 2023-02-22

Mahallabay ishlash tizimi samaradorligini oshirish maqsadida hokim yordamchilari instituti tashkil etilib, hududlardagi muammoli masalalarni yechishda faol ishtirok etishi ta’minlangan edi.

Xo‘sh, bugun joylardagi muammolarni tizimli bartaraf etish, ishlarni yanada uyushqoqlik bilan tashkil qilishda hokim yordamchilari qanday faollik ko‘rsatyapti?  

Poytaxtimizda o‘tkazilgan “O‘zbekistonda ijtimoiy adolatni mustahkamlash maqsadida munosib mehnatni ilgari surish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 2 million 200 ming nafar ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlangani ta’kidlandi.  

– Mamlakatimizda kambag‘allikni kamaytirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – hokim yordamchilari instituti tashkil etildi, – dedi kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev. – Hozirda respublikadagi mavjud mahallalarda 10 ming nafarga yaqin hokim yordamchilari faoliyat yuritib, ular tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha xizmat ko‘rsatmoqda. Hokim yordamchilari orqali subsidiyalar ajratish, ish bilan ta’minlash, kasbiy tayyorgarlikka jalb qilish va biznes yuritish ko‘nikmalari orqali qariyb 2,2 million kishining bandligi ta’minlandi.  

Qayd etilishicha, bugungi kunda mehnatga layoqatli aholining 1,3 millioni ishsiz qolmoqda.  

Shuningdek, taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda respublika bo‘ylab faoliyat ko‘rsatayotgan 26 ta “Ishga marhamat” monomarkazi, 53 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 539 ta kasb-hunar markazi, mahallalardagi o‘quv markazlari orqali mehnat bozorida talab katta bo‘lgan 70 dan ortiq kasb bo‘yicha ishsiz fuqarolarga ta’lim berilmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida respublikada ishsizlik darajasi 8,9 foizga tushirilgan. Qashshoqlik darajasi ko‘rsatkichi 17 foizdan 14,1 foizga kamaygan.  

Joriy yilda barcha imkoniyatlar ishga solinib, O‘zbekistonda qashshoqlik darajasini 12 foizgacha kamaytirish rejalashtirilgan.  

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA