Aholi salomatligini asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga bo‘lgan talablar ortib boryapti. Masalan, toz-son yemirilishida endoprotez, kardiostend qo‘ydirish, gemodializ olish kabi holatlar ko‘p. Bemorlarni endoprotez, kardiostend, gemodializ uchun ishlatiladigan bir martalik vositalar bilan ta’minlashda qanday choralar ko‘rilmoqda? Bu kabi vositalar O‘zbekistonda ishlab chiqariladimi?
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan «Hukumat soati»da Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev deputat Qizilgul Qosimovaning bu boradagi savoliga quyidagicha javob berdi:
— Koronavirus kasalligi insonning alohida organlariga juda qattiq ta’sir qilar ekan. Buni butun dunyo statistikasida ham kuzatish mumkin. Masalan, COVIDdan keyin atrofiya, ya’ni son suyagi, tizza bo‘g‘imi yemirilishi kasalligi ko‘payib ketmoqda. Bunday kasalliklar COVIDdan avvalgi yillarga nisbatan 3-4 barobarga oshdi.
Endoprotezlarni O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniga ega emasmiz. Bunday vositalar yuqori texnologiyali mahsulot hisoblanadi. Dunyoda 3-4ta davlatda ishlab chiqariladi, xolos. Shuning uchun ham narxi qimmat. Masalan, birgina toz suyagiga qo‘yiladigan endoprotezning ishlab chiqarilishi, ya’ni sarflov xarajatlarining o‘zi 18 million so‘mga tushadi. Operatsiya xarajatlari bilan yanada qimmatlashib ketadi. Bu kabi xastaliklar ro‘yxat qilib boriladi.
Joriy yilda 600 ta ana shunday jarrohlik amaliyoti amalga oshirilgan bo‘lsa, yil yakuniga qadar yana 2500dan ortiq bemor navbatda turibdi. Endoprotez qilish qimmat, lekin shunga qaramay, unga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shuning bois ro‘yxat asosida hisoblab chiqilib, ishlar amalga oshirilmoqda. Bu kabi yuqori texnologiyali jarrohlik amaliyoti malakali mutaxassislarni taqozo etadi. Bu borada Turkiya va Janubiy Koreya bilan hamkorlikda mutaxassislar jalb etilmoqda. Maqsadimiz bemorlarni tezroq davolash choralarini ko‘rish, ularning tuzalishiga ko‘maklashishdan iborat, — dedi Sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev.
M.Komilova, O‘zA