Samarqand shahriga qilgan safarim davomida muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish barobarida, shahar markazida joylashgan jadidchilik asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning uy muzeyiga ham yo‘l oldim. Bu ziyorat men uchun oddiy muzey tomoshasi bo‘lmadi. U millat taqdiri, jadid bobolarimiz kechgan mashaqqatli yo‘l, o‘zbek jurnalistikasining ilk qadamlari bilan yuzma-yuz kelish edi.
Bu uyga kirgan odam o‘tmishni faqat ko‘z bilan emas, qalb bilan his qiladi. Behbudiy uy muzeyi jadid bobomiz haqida ko‘plab kitoblaru maqolalarda ochiq aytilmagan, ammo jadidshunos olimlar tomonidan ilmiy jihatdan tasdiqlangan haqiqatlarni ravshan namoyon etadi. Bu yerdagi har bir eksponat, har bir hujjat — bir inson taqdiri orqali butun bir millat uyg‘onishining og‘riqli, biroq sharafli tarixini so‘zlab turadi.

Behbudiy merosi — o‘tmishda qolib ketgan xotira emas. U bugun ham milliy jurnalistikamiz, ma’rifatparvar tafakkurimiz va ozod fikrimizda yashab kelayotgan tirik ruhdir. Davlatimiz rahbari tomonidan 2024 yil 27 dekabr kuni qabul qilingan “Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qaror ham ana shu haqiqatning davlat darajasida e’tirof etilgan ifodasidir. 2025 yil davomida bu sana butun mamlakat bo‘ylab keng nishonlandi va bu ulug‘ zot xotirasiga ehtirom kelgusi yillarda ham davom etishiga umid uyg‘otdi.

Afsuski, bu ulug‘ insonning hayoti fojiali yakun topdi. 1919 yilda u Turkiston jadidlari nomidan Parijda o‘tishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiyaga delegat sifatida yo‘l olgan paytida Qarshi shahrida hibsga olindi. Hech qanday sud va ayblovsiz 1919 yil 25 mart kuni Qarshi yaqinida shafqatsizlarcha qatl etildi. Bu mudhish xabar Samarqandga faqat bir yil o‘tgach, yetib keldi.

Qotillikni yashirish maqsadida 1926 yilda Qarshi shahriga Behbudiy nomi berilib, 1930 yilgacha u Behbudiy shahri deb yuritildi. Ammo qatag‘on yillari boshlangach, uning nomi yana o‘chirildi. Hatto qatlidan 16 yil o‘tgach, sobiq sovet sudi tomonidan Behbudiyga nisbatan “jasadiy sud ishi” ochilib, uning barcha mol-mulki musodara qilindi, asarlarining katta qismi yo‘q qilindi.

2021 yil 18 oktyabr kuni Prezident tashabbusi bilan Samarqandda Mahmudxo‘ja Behbudiy uy muzeyi qayta tiklandi. Muzey direktori, jadidshunos olim Gulmamat Ahmedovning ta’kidlashicha, bu yerda Behbudiyga oid 200 dan ortiq noyob hujjat va eksponatlar saqlanmoqda. Jumladan, yapon jadidshunosi Shimoto Shizu tomonidan tuzilgan, “Oyna” jurnali 68 soni mundarijasini qamrab olgan kitob ham muzey xazinasidan o‘rin olgan.
Bu uy muzeyidan chiqar ekanman, yana bir bor ishonch hosil qildim: Mahmudxo‘ja Behbudiyning mag‘rur ruhi, u asos solgan milliy jurnalistika va dramaturgiya an’analari xalq xotirasida abadiy yashaydi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri