Samarqand viloyatining Toyloq tumanida Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi.
Davlatimiz rahbarining 2024 yil 27 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, bu yil yurtimizda milliy ozodlik harakatining buyuk namoyandasi Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligi keng nishonlandi. Yil davomida Toshkent, Samarqand shaharlari va mamlakatimizning turli hududlarida ulug‘ ma’rifatparvar ilmiy-ma’rifiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etishga qaratilgan anjumanlar, madaniy tadbirlar uyushtirildi.
Toyloq tumani hokimligi ushbu sana munosabati bilan Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan Baxshitepa mahallasida uning nomi bilan ataladigan bog‘, muzey va o‘quv markazi tashkil etdi.
Samarqand viloyati va Toyloq tumani hokimliklari hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirlar ushbu majmua ochilishi marosimi bilan boshlandi.
[gallery-26755]
Viloyat hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, tarixi Mahmudxo‘ja Behbudiy asos solgan “Samarqand” gazetasi bilan boshlanadigan “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti professori, jadidshunos olim Halim Saidov, Mahmudxo‘ja Behbudiyning chevarasi Shohruh Behbudiy alloma yashagan mazkur manzilda uning nomi bilan bog‘liq maskanlarning tashkil etilishi ulug‘ jadidning hayoti va faoliyatini o‘rganish hamda kelgusi avlodlarga yetkazishga xizmat qilishini ta’kidladilar.
– Bugun Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilgan qishloqda uning xotirasiga bag‘ishlab bog‘ yaratilgani meni shu tuman farzandi sifatida, qolaversa jadidshunos olim sifatida juda xursand qildi, – dedi Halim Saidov. – Bu maskanda, ya’ni bog‘ hududida Behbudiyning byusti o‘rnatilgani, kutubxona, ma’rifat maskani va uy-muzey tashkil etilgani yoshlarimizda ma’rifat va vatanparvarlik ruhini shakllantirishda muhim tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Mazkur maskan shu mahallada yashovchi, Behbudiy avlodidan bo‘lgan ma’rifatparvar tadbirkor Raufxon Xodiyev homiyligida bunyod etildi, Mahmudxo‘ja Behbudiy siymosini esa narpaylik haykaltarosh Umurzoq Sharipov yaratdi.
Tadbirkor Raufxon Xodiyev bir necha yillardan beri mahalla hududida joylashgan 15-maktabda Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va boy ijodiy merosiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni muntazam ravishda tashkil etib kelmoqda. Shuningdek, uning tashabbusi bilan maktabda bilim va iqtidori bilan ajralib turgan 15 nafar a’lochi o‘quvchi uchun Behbudiy nomidagi stipendiya ta’sis etilgan.
Tadbirlar “Behbudiy hayot maktabi – yoshlarga ibrat” mavzusidagi ilmiy-amaliy konferensiya bilan davom etdi. Unda jadidshunos olimlar va yosh tadqiqotchilar Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti, jurnalist va adib sifatidagi ijodiy faoliyati, ma’rifatparvar sifatida yaratgan yangi usul maktablari va yozgan darsliklari, siyosatchi sifatida xalqni milliy ozodlik sari boshlashi va bu yo‘lda chekkan zahmatlari haqida ma’ruzalar qildilar.
Tadbirlar doirasida Samarqand viloyat musiqali drama teatrining ijodiy jamoasi tomonidan joriy yilda sahnalashtirilgan “Mahmudxo‘ja Behbudiy” dramasi namoyish etildi.
– Ulug‘ bobomiz tavalludining 150 yilligi bu yil mamlakatimiz miqiyosida keng nishonlanganidan juda xursandmiz, – deydi Mahmudxo‘ja Behbudiyning chevarasi Shohruh Behbudiy. – Bu tadbirlarga biz – Behbudiy avlodlarining taklif etilib, izzat-ikrom ko‘rsatilganidan boshimiz ko‘kka yetdi. Men buning uchun sulolamiz vakillari nomidan hurmatli Prezidentimizga, viloyatimiz rahbarlari va behbudiyshunos olimlarga samimiy minnatdorligimizni bildiraman. Biz ma’rifatparvar bobomiz hayoti va merosini o‘rganish, keng targ‘ib etish borasidagi ishlarni o‘zimizda mavjud ma’lumot va tarixiy ashyolarni taqdim etgan holda bundan buyon ham faol qo‘llab-quvvatlaymiz.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari